Agentlik «davlat obektlari hech qanday tendersiz xususiy sektorga nol qiymatida berib yuborilyapti, degan asossiz fikrlarni qamrab olgan turli materiallar» tarqaganini iddao qiladi.

«Shahar ko‘rkini buzib turgan binolar»

Avvalo, agentlik maqolada ta'kidlangan vaziyatni inkor etmagan. Amir Temur xiyoboni yaqinidagi, nol qiymatda va tanlovsiz xususiylashtirilishi kutilgan ikki bino esa «shahar ko‘rkini buzib turgani»ni bildirgan.

«Agentlikka aynan ushbu obektlarga «Forsa Barsa» MChJ tomonidan 5 yil muddat ichida 15 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish, ularni to‘liq rekonstruksiya qilish majburiyatini olgan holda obektlar negizida gastrol-konsert faoliyatini tashkil etish va kamida 150ta yangi ish o‘rnini yaratish sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Lekin bu takliflar rad etilgan. Ushbu obektlar ommaviy savdolar orqali sotiladi. Va eng yaxshi taklif bergan investor unga ega bo‘ladi», – deyiladi raddiyada.

Ammo ma'lum bo‘lishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining o‘zi binolarni yuqoridagi shartlar bilan xususiylashtirish bo‘yicha hukumatga hujjat loyihasini taqdim etgan. Uning takliflari esa Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan rad etilgan.

«Ushbu farmoyish loyihasi «Raqobat to‘g‘risida»gi va «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonunlar talablariga moslashtirgan holda va teng raqobat muhitini yaratish maqsadida obektni tanlov savdolari orqali xususiylashtirish talabi kiritilgandan so‘ng qabul qilinishi lozim hisoblanadi», – deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tayyorlagan xulosada.

Bundan ko‘rinadiki, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi aslida qonun talablarini bajarmay, xalq manfaatlariga zid ravishda binolarni xususiylashtirish taklifini ilgari surgan. Ammo raddiyada bu haqda ma'lumot aniqlashtirilmagan, aniqrog‘i agentlik o‘z faoliyatidagi kamchiliklarni oshkor etmaslikni ma'qul topgan.