2020/21 o‘quv yili uchun OTMlarga qabulda 8694ta imtiyozli grant kvotasi ajratildi. Imtiyozli kvotalar 7 xil toifadagi abituriyentlarga berilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova alohida toifadagi abituriyentlarga imtiyozlar berilishini tanqid qilib chiqdi.

«Yurtimizda millionlab yosh yigit-qizlar ko‘nglida bir olam orzu bilan OTMga o‘qishga kirishni istaydi. Bu yil qanday yangilik bo‘lar ekan, qabul o‘rinlari ko‘payarmikan, degan savollarga javob topish ilinjida intizor bo‘ladi. Ularning aksariyati o‘qishga kira olmasa, kelajagi, taqdiri qanday davom etishini bilmay, chuqur xavotirga tushadi.

Kechagina OAV orqali oliy o‘quv yurtlariga qabul haqida batafsil axborot berildi. Har tugul qabul o‘rinlari o‘tgan yilgiga nisbatan oshgani ko‘plab yoshlarni quvontirdi. Lekin, menimcha, o‘qishga kirishda imtiyozlar berilishi to‘g‘risidagi yangiliklar chin dildan o‘qib, tayyorgarlik ko‘rib yurgan yoshlarimizni o‘ylantirib qo‘ydi, hatto qalbini og‘ritdi. Ularning o‘ylari, og‘riqlarini tushunishimiz kerak», – deb yozadi Maqsuda Vorisova Xalq demokratik partiyasi rasmiy saytidagi maqolasida.

Maqsuda Vorisova — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari

Sobiq senator O‘zbekiston Konstitutsiyasida barcha fuqarolar teng huquqqa ega deya belgilanganiga e'tibor qaratgan.

«Demak, ota-onasi qayerda xizmat qilishi yoki fuqaroning ayrim yutuqlarga ega bo‘lishi Konstitutsiyada belgilangan me'yordan ustun qo‘yilishi mumkin emas», – deydi u.

Maqsuda Vorisova maktabni oltin medal bilan tamomlagan abituriyentga hech qanday imtiyoz yo‘qligi, lekin respublika fan olimpiadalari g‘oliblariga va Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibalariga imtiyoz berilishini savol ostiga olgan.

«Agar shu tanlovda oliy ta'limga imtihonsiz kirish imtiyozi bekor qilinsa, tanlovda qatnashuvchi qizlar tarkibi qanday o‘zgarar ekan?» – deya Zulfiya nomidagi mukofotni nazarda tutib savol qo‘ygan Maqsuda Vorisova.

Deputat so‘zining davomida organ xodimlarining farzandlariga imtiyoz berilishiga ham qarshi ekanini bildiradi.