Remdesivirni ishlab chiqaruvchi kompaniya o‘tkazgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, preparat COVID-19`ga chalingan bemorlarning sog‘ayish muddatini 4 kungacha qisqartirishi mumkin.

Qayd etish joiz, remdesivirni ishlab chiqaruvchi kompaniya uni orfan preparat, ya'ni kam uchraydigan kasalliklarga qarshi dori vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Bu esa farmkompaniyaga qator imtiyozlarni beradi.

Xronologiya

Remdesivir 2015 yilda, AQSh Qurolli Kuchlarining yuqumli kasalliklarni tadqiq qilish instituti (USAMRIID) tomonidan Gilead Sciences kompaniyasi bilan hamkorlikda, Ebola bezgagiga qarshi antivirus sifatida ishlab chiqilgan.

2020 yil mart oyida amerikalik tibbiyot mutaxassislari COVID-19`ga chalingan og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashda ushbu preparatni qo‘llay boshladi. Bu vaqtda remdesivir hali AQSh Oziq-ovqat va dori vositalari nazorati boshqarmasi (Food and Drug Administration – FDA) tomonidan ma'qullanmagan edi.

Aprel oyi oxirida OAVda remdesivirning koronavirusga qarshi dori vositasi sifatidagi samarasi o‘rganilgan sinovlar muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida xabarlar tarqaldi. Financial Times ma'lumotiga ko‘ra, Xitoyda o‘tkazilgan klinik sinovlar haqidagi hisobotning qoralama shakli xatolik sabab Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiy saytida qisqa vaqtga paydo bo‘lib qolgan edi. Hisobot qoralamasida remdesivir bemorning ahvolini yaxshilashga va bemor qonidagi patogen mikroorganizmlarni kamaytirishga yordam bermasligi aytilgan.

Ammo aprel oyi oxiriga kelib, AQShning bosh infeksionisti Entoni Fauchi xalqaro miqyosda remdesivir sinovlari ijobiy xulosa berganini e'lon qildi.

«Sinovlar shuni ko‘rsatmoqdaki, remdesivir koronavirusdan sog‘ayish vaqtini qisqartirishda katta va aniq-ravshan ijobiy ta'sirga ega», dedi Fauchi 29 aprelda Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

O‘shanda ma'lum bo‘lgandiki, preparat bo‘yicha sinovlar AQSh, Osiyo va Yevropaning bir nechta mamlakatidagi koronavirusga chalingan mingdan ortiq bemorni qamrab olgan.