Ochiq xatda aytilishicha, 2018 yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga binoan «Multiplikatsion filmlar studiyasi» barpo etildi. O‘zbekiston xalq artisti Obid Asomov studiyaning birinchi direktori etib tayinlangandi.
«Uning rahbarligi ostida studiya jadal rivojlana boshladi. Obid Asomov nafaqat ajoyib san'atkor, balki milliy animatsiya va uning ishchilari taqdiri bilan shug‘ullangan aqlli va iste'dodli rahbar edi. Uning rahbarligi ostida o‘sib kelayotgan avlod uchun vatanga muhabbat va insoniylik tuyg‘ularini shakllantiradigan bolalar filmlari yaratildi. Yosh animatorlar, rassomlar va rejissyorlarni tayyorlash uchun o‘quv kurslari tashkil etildi.
Ammo, afsuski, bularning barchasi Obid Asomovning bevaqt olamdan o‘tishi va «O‘zbekkino» Milliy agentligining hozirgi bosh direktori etib tayinlangan Firdavs Abduholiqov kelishi bilan barbod bo‘ldi.
O‘zining rahbarligi davrida bu inson ilg‘or islohotlar niqobi ostida yillar davomida yaratilgan o‘zbek animatsiyasi poydevorni barbod qilishga erishdi.
Avvaliga, bu inson studiyamizni tarqatib yuborishini va uni «O‘zbekfilm» konsernining mulsexiga aylantirishini aytdi. Undan keyin «Futurist» xususiy korxonasining egasi Bekzod Salomovni «Multiplikatsion filmlar studiyasiga» direktor etib tayinladi.
Shundan so‘ng Bekzod Salomov darhol asos va sababsiz studiyaning barcha ijodiy guruhini ishdan bo‘shatdi, bu mehnat qonunchiligini qo‘pol ravishda buzish va yuridik nuqtai nazardan noqonuniy hisoblanadi. Ammo bizning noroziligimiz va sud tahdididan keyin mulstudiya direktori hammani o‘z ish o‘rinlariga qaytarishga majbur bo‘ldi», - deyiladi ochiq xatda.
Xatda aytilishicha, «O‘zbekkino» Milliy agentligi bosh direktori buyrug‘i bilan «Milliy qahramon» haqidagi ssenariy uchun 50 000 000 so‘mlik katta mukofot va'da qilingan tanlov o‘tkazilgan.
«Bu tanlovning na rejasi, na tashkiliy ishlari mavjud edi. Shuning uchun tanlov bilan bog‘liq barcha tashkiliy ishlar mulstudiyamizga yuklatildi. Natijada, ishlab chiqarish ortga surildi, tanlov esa ishtirokchilarning tajribasi yetishmovchiligi sababli muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Internetda O‘zbekiston bilan Rossiya hamkorligida «Xo‘ja Nasriddin» haqidagi animatsion filmni ishlab chiqarish haqida tantanali ravishda xabar berildi, bu loyiha ham boshlanmasdan tugadi.

















