O‘zbekistonda sovuq kunlar boshlanishi bilan Kun.uz tahririyatiga svet-gaz ta'minotidagi muammolar haqidagi murojaatlar soni keskin ko‘paydi. Bugungi kunda saytga telefon va Telegram orqali bo‘layotgan shikoyatlarning eng katta qismini aynan shu mavzudagi murojaatlar tashkil etadi.
– «2013 yildan beri ko‘chamizda gaz yo‘q. Shu masalani hal etish uchun bormagan joyimiz qolmadi. Ko‘chamizdagi 10-12ta xonadonga suyultirilgan gaz beriladi, uni hammayam ololmaydi. Qolaversa, gaz ballon bilan uyni isitib bo‘ladimi?! Qishning sovuq kunlarida gaz yo‘qligi sababli qiynalyapmiz. Hech bo‘lmasa bolalarimga rahm qilinglar, kattalar!» — Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Baxt shahri.
– «Tabiiy gazdan mahrum bo‘lganimizga 12 yildan oshdi. Endi suyultirilgan gaz ham vaqtida yetkazib berilmayapti» — Namangan viloyati, Uychi tumani, «Dehqonobod» MFY.
– «Har kuni svet va gaz bir vaqtda o‘chyapti. Mas'ullar telefonlarini ko‘tarishmayapti. Ko‘tarishsa ham yuqoridan shunday buyruq berilgan deyishadi. To‘g‘risi, bu ishlar jonga tegdi. Tumanda o‘quv markazim bor. Svet-gaz bo‘lmagani uchun xonalar qorong‘i va sovuq. Dars o‘tishning imkoni bo‘lmayapti. Tadbirkorlikni to‘xtatib turibmiz» — Buxoro viloyati, Kogon tumani, Uyrot qishlog‘i.
– «Mahallamizdan katta gaz quvuri o‘tgan. Xalqimiz 1997 yilgacha gazdan beminnat foydalanib kelishgan. O‘sha paytdagi mahalla raisi go‘yoki: “Bizga tabiiy gaz kerakmas, ko‘mir va suyultirilgan gaz bering”, deb yuqoriga ariza yozganmish. Shundan beri bolalarimizning umri tezak terish bilan o‘tmoqda» — Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani, «Bog‘iobod» mahallasi.
– «Aholida gaz yo‘q, Yosh bolalilar, qariyalar, bemorlar sovuqda qiynalmoqda. Choy 2 soatda qaynaydi. Bosim juda past, uyni isitishga yaramayapti. Yo‘qsa gazdan qarzimiz yo‘q, pulini vaqtida to‘lab boramiz. Iltimos, hech bo‘lmasa qishda gaz berishsin!» — Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahri, «Ibrat» mahallasi.
– «Har kuni soat 19:00da svet o‘chadi. Kechasi 00:00da yonadi. Har kuni shu ahvol. Gazdan umidni uzganimizga 15 yil bo‘ldi. Gaz nimaligini ham unutvorganmiz. Hech bo‘lmasa elektrni uzmay turishsin. Qishloqda yashaymiz, qari ota-onam bor. O‘zimnimas, ularni o‘ylab murojaat qilyapman. Elektr pulini vaqtida to‘lasak, nima muammo, tushunmayman»














