O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati tomonidan Farg‘ona vodiysi viloyatlarida tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir hamda elektr energiyasi bilan ta'minlash holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida O‘zbekistonning sharqiy hududlarida energiya muammolarini o‘rganish maqsadida ishchi guruh tuzilgani ma'lum qilindi.
Ta'kidlanishicha, ishchi guruh viloyatlardagi Monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmalarida soat 14.00dan 18.00ga qadar quyidagi jadvalga asosan qabulni tashkil etadi:
- Namangan shahrida 27 noyabr kuni;
- Andijon shahrida 28 noyabr kuni;
- Farg‘ona shahrida 29 noyabr kuni.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 28 noyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida gaz va elektr energiya bilan bog‘liq muammolarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hali qish kirmasdan turib, energoresurslar ta'minotida o‘ta jiddiy muammolar paydo bo‘lgani keskin tanqid qilingan, hukumat rahbari buni «sharmandali holat», deb atagandi.
Joriy yilning 18 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu yil qish sovuq kelib, havo harorati oldingi yillarga nisbatan 2-5 daraja past bo‘lishi kutilayotgani ta'kidlangan, shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga tuman va shaharlardagi haqiqiy holatdan kelib chiqib, kuz-qishga tayyorgarlik yuzasidan Toshkent shahrining 12ta tumani, Qoraqalpog‘iston va har bir viloyat bo‘yicha alohida-alohida qaror qabul qilish topshirilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bosh vazir Abdulla Aripov Toshkent shahri tumanlariga, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov viloyatlarga shu masalalar bo‘yicha mas'ul etib biriktirilgan, aholini o‘z vaqtida elektr energiyasi, gaz, ko‘mir bilan ta'minlash yuzasidan alohida topshiriqlar berilgandi.
Biroq hali qish boshlanmasdan turib elektr va gaz ta'minotida muttasil uzilishlar kuzatila boshlandi















