Senat a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, hududiy studiyalardan mas'ul hokimlar va ularning o‘rinbosarlari hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan majlisda aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir bilan ta'minlash holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2020 yilda jami elektr energiyasi resurslari 71,1 mlrd. kVt soat, shundan ishlab chiqarish 65,9 mlrd. kVt soat import 5,2 mlrd. kVt soatni tashkil qilgan. Joriy yil oxirigacha tabiiy gaz iqtisodiyot tarmoqlariga 28,4 mlrd. kub metr, aholiga 11,4 mlrd. kub metr gaz yetkazib berilishi, shuningdek, suyultirilgan gaz hajmi 543,4 ming tonnaga yetkazilishi rejalashtirilgan.
«Rivojlangan davlatlarni ko‘radigan bo‘lsak, Germaniyada gaz yo‘q (gaz konlari – tahr.), Yaponiyada gaz yo‘q, Koreyada ham gaz yo‘q. Nima uchun o‘sha chet el davlatlarida yaxshi yetkazib beradi, deyapsiz. Chunki birinchidan infratuzilma bor, bozor iqtisodiyotiga bizdan ancha avval o‘tgan. Masalan, Angliyada, adashmasam, 1918 yildan gazlar birjada sotiladi.

Xalqaro moliya institutlari bilan ishlayapmiz, to‘g‘risini aytishimiz kerak, tariflarimiz subsidiya qilingan. Jahon bozorida gazning ming kubi 150 dollardan sotilayotgan hozirgi paytda aholiga bu hajmdagi gazni o‘ttiz sakkiz dollardan (1 kubi 3,8 sent) yetkazib beryapmiz. Yana bir muammo bor, bularni o‘z vaqtida moliyalashtirish», deya Behzod Normatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri (Videoda vazir o‘rinbosari adashib o‘ttiz sakkiz sent deb yuborgan — tahr.).
Senat raisi uning so‘zlarini bo‘lib, aniqroq javob berishini, odamlarning qiynalmasligi uchun qancha muddat kerakligini so‘radi.
«Mana, hozirda qisqa muddatli choralarni ko‘radigan bo‘lsak, balansni hisoblayotganimizda keyingi yilga aholiga 1,6 mlrd kub metr gaz yetkazib berishni mo‘ljalladik. Bitta qisqa raqamni aytaman - kunlik reja avvalgi yilga nisbatan 21 mln kub metr [ko‘p], oldingi yil 9 dekabr kuni 83,3 mln kub metr gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, bu yil shu kuni 104,7 [kub metr gaz] yetkazib berildi. Shunda ham yetmayapti. Bu degani gaz yetkazib berishda emas, tizimli muammolar mavjud degani», degan vazir o‘rinbosari.
Normatov vazirlik tomonidan ayni paytda ushbu muammolarni hal qilish ustida ish olib borilayotganini ta'kidlagan. U bu yil elektr energiyasi oldingi yilga nisbatan 26 mln kilovatt/soat ko‘proq (kuniga) yetkazib berilayotgani, lekin shunda ham yetmayotganini ta'kidlagan.















