Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan selektor o‘tkazdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, bugungi kunda 1 400 ga yaqin ayol respublika va viloyatlar, 43 mingdan ziyodi tuman va shaharlar darajasidagi rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda.

Talabalarning 48 foizi – xotin-qizlar. O‘tgan yili yo‘lga qo‘yilgan tizimga muvofiq, 950 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj qiz OTMga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.

Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va manzilli hal etish maqsadida «ayollar daftari» joriy etildi. Bu daftarga 9 ta mezon asosida 433 ming nafar xotin-qiz kiritilib, elektron baza shakllantirildi. Bugungi kungacha ularning 80 mingining muammolari hal etilgan, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda ayollarni ish bilan ta'minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga tibbiy va psixologik yordam qamrovini kengaytirish, oilaviy ajralishlarning oldini olish choralari muhokama qilindi.

«Eng og‘ir, murakkab masalalarimiz ayollar bo‘yicha. Xalqimizning talabi o‘sib boryapti. Biz shu talablarga munosib sharoit yaratib berishimiz kerak. Buni chuqur his qilmagan odam rahbar bo‘lib ishlolmaydi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Oliy Majlisga murojaatida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tuzishni taklif qilgandi.

Shu kunlarda Senat raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida shu kengash tuzildi. Kengash xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bilim va kasbiy ko‘nikmalar egallab, munosib ish topishlariga ko‘maklashish, salomatligini saqlash, uy-joy masalalarini hal etish borasida tizimli ish olib borishi zarur.

Hokimlar va sektor rahbarlariga «ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini hal qilish, tikuvchilik, hunarmandchilik, kasanachilik, parrandachilik va ekin maydonlaridan yer ajratish orqali ularning bandligini ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasiga tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan «ayollar daftari»dagi 70 mingga yaqin xotin-qizlarni biznes va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish vazifasi topshirildi.