«Xohlaymizmi, yo‘qmi, chegaralar bilan bog‘liq masalani muzokaralar va uchastkalar almashish orqali hal qilish kerak», degan Japarov.
U avvalgi hukumat chegara masalalarini yopiq eshiklar ortida hal qilgani va aholi bundan chegaralarga simlar tortilganidan keyingina xabardor bo‘lgani haqida aytib o‘tgan.
«Biz avvalgilar yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlamaslikka harakat qilyapmiz. Buning uchun dastlab odamlarga ko‘rsatamiz, ularning roziligini olamiz va qaror chiqaramiz. Bizning siyosatimiz shunday. Nazariy jihatdan hammasi yopiq eshiklar ortida o‘tishi kerak, ko‘plab hujjatlar maxfiy hisoblanadi. Ammo biz xalqning fikrini inobatga olamiz. Avvallari nafaqat mahalliy aholi, balki qirg‘izistonliklar ham bilmasdi. Faqat tikanli simlar tortilayotganidagina xabar topilardi... Ammo biz davlatimiz va xalqimiz zarariga qaror qabul qilmaymiz. Biz hammasi davlat va xalq foydasiga hal bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», deydi Qirg‘iziston prezidenti.
U chegara masalasi bitta imzolangan protokol bilan hal qilinmasligini ta'kidlaydi.
«Hozir faqat muzokaralarning boshida turibmiz. Hech qanday hujjat imzolanmagan. To‘rt bosqichdan o‘tilganidan keyingina imzolanadi. Avval komissiya protokolni ko‘rib chiqadi, keyin uni prezidentlarga olib kiradi, ular ko‘rib chiqib, parlamentlarga yuboradi, parlament ratifikatsiya qilib, yana prezidentga qaytaradi va prezident imzolaganidan keyingina kuchga kiradi. Biz muzokaralar olib boryapmiz va buni davom ettiramiz. Biz hamma narsa ochiq va oshkora bo‘lishini va 10-15 yildan so‘ng odamlar biz haqimizda yomon gap aytmasliklarini istaymiz», deydi u.
Mart oyi oxirida O‘zbekiston bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, quyidagi uchastkalar Qirg‘izistonga o‘tgani ma'lum qilingandi:
- Ko‘k-Serek - 105 gektar;
- Ola-Buqa rayonidagi Boyiston – 212 gektar;
- Qora-suv rayonidagi Oq-Tosh – 100 gektar;
- Qora-Beles - 25 gektar;
- Namangan va Jalolobod viloyatlari o‘rtasidagi Gavasoy - 8 ming gektar;
- O‘ng‘ar-Tog‘dagi yerlar - 35 gektar.
O‘zbekiston ushbu hududlar evaziga Kampirobod suv omboridan foydalanish huquqini olgan. Shahrixonsoy kanali joylashgan 50 gektar maydon ham O‘zbekistonga o‘tishi, buning evaziga Qirg‘iziston O‘zgan rayoni chegara hududidan 50 gektar maydonni olishi ko‘zda tutilgan.









