Yangi Andijon massivining bosh rejasi aprel oyda prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot qilingan edi.

Andijon tumani adirliklari ustiga tushayotgan, umumiy maydoni qariyb 4 ming gektar bo‘lgan yangi shaharning bosh rejasiga ko‘ra, u 1439 gektar turli qurilmalar, ya'ni uy-joy, savdo maskanlari va kichik sanoat zonasi, 1820 gektar yashil hudud, 223 gektarlik xizmat ko‘rsatish hududi va 499 gektar yo‘llardan iborat bo‘ladi.

Shaharchaning qurilish shtabida Andijon viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Ibrohimjon Xolmatov bilan suhbatlashdik.

«Andijon tumanidagi Istiqlol massividan 4 ming gektar yer maydoni ajratilib, loyihalash ishlari boshlab yuborilgan. Bunday loyihalar biz uchun yangilik bo‘lgani sabab Vazirlar Mahkamasi va Qurilish vazirligi bilan birga ishlayapmiz. Bosh reja Turkiya loyihachilari tomonidan ishlab chiqildi.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda 5-7 qavatli bo‘lgan uy-joylar, infrastruktura tizimlari, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish obektlarini barpo etish vazifasi oldimizda turibdi.

Turk loyihachilari rejasiga asosan, 4 ming gektar maydonda qurilish ishlari 8 ta bosqich bo‘yicha olib boriladi.

Birinchi bosqichda ishlar 718 gektarda tashkil qilinadi. 718 gektardan 42 gektarini tanlab olib, shu joyda alohida uy-joylar loyihalarini ishlab chiqib, yer ishlarini boshlab yubordik.