Tabiat deganda ko‘z o‘ngimizga birinchi navbatda yashnab turgan daraxtlar keladi: toza havo, soya-salqin, betakror tabiiy ne'mat. Shahar atrofida daraxtzorlar bizni shamollardan himoyalasa, shahar ichidagi daraxtlar ventilyatsion yo‘lak vazifasini bajaradi. Yashil daraxtzorlar havoni sovitishning yagona vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

Fotosintez jarayonida bir gektar yerdagi yashil ekinzorlar 200 nafar odamning nafas olishiga yetarli kislorodni ishlab chiqarish quvvatiga ega. Turli daraxtlarning barglari o‘zidan har xil darajada issiqlik nurini va quyosh spektrini yutib, qaytarib va o‘zidan o‘tkazishi mumkin. Masalan, yosh emanzor quyosh radiatsiyasining 96,8 foiz, qarag‘ayzor 96 foiz, archa, terak va emanlar aralash o‘rmon esa 97-98 foiz nurlarni ushlab qoladi; havo namligini oshirib, inson salomatligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, daraxtlar insonlarni shovqin-surondan ham himoyalaydi: shovqinning 25 foizini yutish xususiyatiga ega ekan.

Har yili nafaqat poytaxtda, butun respublikada minglab, millionlab ko‘chat ekilgani haqida balandparvoz xabarlar eshitamiz. Bu ko‘chatlarning keyingi taqdiri esa mavhumligicha qoladi.

Xo‘sh, oxirgi yillarda bizda daraxtlarni ko‘paytirish va parvarishlashga qanday e'tibor berilmoqda?

Birgina 2021 yilda ekilgan 75 mingta ko‘chatlarning bor-yo‘g‘i 30 foizi ko‘kargan

Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 2021 yil kuz va 2022 yil bahor mavsumlarida Toshkent viloyati va Toshkent shahrining tuman (shaharlari), aholi punktlari, xalq xo‘jaligi obektlari atrofida yashil hududlar barpo etish va 1 million daraxt ekish rejalashtirilgan edi.

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Dehqonovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda ekilgan daraxtlarning yashab qolish ko‘rsatkichi 30-40 foizdan ham pasayib ketgan.