150 yildagi eng jazirama yoz. Umuman, O‘zbekistonda oxirgi 5 yilning 3 yilida so‘nggi 150 yildagi eng issiq ob-havo kuzatilmoqda. Biroq, afsuski, respublikaning qayerida bo‘lmang, shunday sharoitda ham ochiq havoda, quyoshning ayovsiz qizdirishi ostida ishlayotganlarga barchaning ko‘zi tushmoqda.

Bunday jazirama ob-havo sharoitida ochiq havoda ishlash tartibi qonunchilikda belgilanganmi? “Anomal ob-havo” tushunchasi milliy qonunchilikda aks etganmi? Qanday havo harorati inson salomatligi uchun xavfli sanaladi? Bunday holatda ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasidagi munosabat qanday tartibga solinadi?

Kun.uz yuqoridagi savollar bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi texnik inspektori Dilmurod Husanovga murojaat qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kuzatilayotgan yuqori haroratli ob-havo sharoitida korxonalarda ishlash tartibi mikroiqlim bo‘yicha sanitariya qoidalari va me'yorlariga amal qilgan holda belgilanadi.

“Korxonalarda yilning issiq davrida ishlab chiqarish xonalari, sexlar, bo‘limlar va boshqa yopiq hududlarda mikroiqlimning me'yorlari 0324-16-son SanQvaM talablari asosida bo‘lishi lozim. Yengil, ya'ni I toifadagi ishlar (ish jarayoni o‘tirgan holda bajariladigan, jismoniy og‘irlik talab etilmaydigan ishlar toifasi)da havo harorati Tselsiy shkalasi bo‘yicha 24-27 darajani, havoning nisbiy namligi 40-60 foizni tashkil etishi lozim. Bunda havo harakati tezligi 0,1-0,2 m/s.dan oshmasligi kerak.

O‘rta og‘irlikdagi hisoblanuvchi II kategoriyali ishlar (ish o‘tirgan va qisman yurgan holda, 1 kg.dan 10 kg.gacha bo‘lgan buyumlarni ko‘tarish bilan amalga oshiriladi) bajarilganda havo harorati 22-25 darajani, havoning nisbiy namligi 40-60 foiz va havo harakati tezligi 0,3 m/s.dan oshmasligi belgilangan.

Og‘ir sifatida tasniflangan III kategoriyali ishlar (ish doimiy harakatda, 10 kg.dan yuqori bo‘lgan yuklarni ko‘tarish)ni bajarganda, havo harorati 21-23 daraja, havoning nisbiy namligi 40-60 bo‘lishi ta'minlanishi qoidalarda belgilangan. Havo harakati tezligi 0,4 m/s.dan oshmasligi lozim”, – deydi Dilmurod Husanov.