O‘zbekiston | 09:23 / 09.08.2021
1159
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda magistral gaz quvurining himoya maydoniga tegishli yer auksionga chiqarilgani ma'lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda G‘uzor tumanida yashovchi fuqaro auksiondan yutib olgan yeriga uy-joy qura olmayotgani aytilgan video tarqaldi. Qashqadaryo viloyat kadastr boshqarmasi mazkur hodisa yuzasidan munosabat bildirdi. Unda bildirilishicha, fuqaro sotib olgan yer Muborak magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli magistral gaz quvurining himoya hududiga tegishli bo‘lib, mazkur yer maydoni auksion savdolariga noto‘g‘ri chiqarilgan.

Ma'lum qilinishicha, G‘uzor tumani «Jarariq» MFYda yashovchi fuqaro Sh.D auksion savdosiga qo‘yilgan «Chaqar» MFY, G‘alcha qishlog‘ida joylashgan yer maydonining 4 sotix qismini Elektron onlayn auksion natijalari to‘g‘risidagi № 127-038264 sonli yutuq bayonnomasiga asosan yutib olgan.

Bugungi kundan ushbu yer uchastkasi Muborak magistral gaz quvurlari boshqarmasining gaz quvurlari muhofaza zonasiga tushib qolganligi sababli fuqaro tomonidan qilinayotgan qurilish ishlari to‘xtatilgan.

Qayd etilishicha, «Chaqar» MFY, G‘alcha qishlog‘ida joylashgan yer maydonining savdoga chiqarilishiga viloyat hududgaz ta'minoti G‘uzor tumani filiali mazkur auksion savdosiga quyilgan yer maydonida hech qanday muhofaza zonasi yo‘qligi to‘g‘risidagi xulosani tizimga kiritgani sabab bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, G‘uzor tumani filiali tomonidan fuqaroga shu hududning boshqa qismidan yer uchastkasi o‘lchab berilib, qurilish xarajatlarining o‘rnini to‘ldirish maqsadida 2 tonna sement, bir mashina shag‘al tushirib berilgan. Shuningdek, keltirilgan tog‘ toshlari o‘lchab berilgan yangi yer uchastkasiga tashib keltirib berilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani «Madaniyat» MFY, Qo‘tonboy qishlog‘ida joylashgan 51-maktabga tutash bo‘lgan mahalliy ko‘cha himoyasi maydoni auksionga noto‘g‘ri chiqarib yuborilgan.

Mavzuga oid