O‘zbekiston | 18:19 / 02.10.2021
8674
3 daqiqa o‘qiladi

Talabalar turar joylarini qurishda bitta talaba o‘rni 50 mln so‘mga tushadi - Toshqulov

Oliy ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov Xalqaro press-klubdagi chiqishida talabalar turar joylari bilan yuzaga kelgan muammolar haqida to‘xtaldi.

“[Talabalar turar joylari] oxirgi 2 oyda juda katta muammoga aylandi, ko‘p tanqidlarga sabab bo‘ldi. Bularning hammasi o‘rinli. 2021 yilning may oyiga qadar O‘zbekistonda 58 ming o‘ringa ega 58 ta yotoqxona bor edi. Ya'ni talabalar turar joylariga ehtiyoj 28 foizga qondirilar edi. Jami 149 ming talabadan 58 ming talabaga joy bor edi.

Hukumat tomonidan mavjud talabalar turar joylaridan ba'zilarini ikki yarusli (ikki qavatli yotoq o‘rinli) qilish topshirig‘i berildi. Dunyoning rivojlangan davlatlarida, jumladan Koreya, Germaniyada ham shunday tajriba yo‘lga qo‘yilgan. Birgina shu topshiriq bilan mavjud 58 ming o‘ringa yana 37 mingta o‘rin qo‘shildi. Har bir o‘rin uchun 4–5 mln xarajat qilindi.

Agar talabalar turar joyi quriladigan bo‘lsa, davlat yoki OTM bitta talaba o‘rni uchun 50 mln sarflaydi”, – dedi oliy ta'lim vaziri.

Toshqulovga ko‘ra, barcha davlatlar ham talabalarni to‘liq turar joy bilan ta'minlay olmaydi. Yotoqxona uchun qurilgan va keyinchalik boshqa maqsadlarda foydalanish uchun berib yuborilgan ayrim binolarni qaytadan moslashtirish yo‘li bilan 5 ming talaba uchun mo‘ljallangan turar joy bir haftada foydalanishga topshiriladi.

“Ijaraga uy beruvchilarning talabalarni uyiga qo‘yishni istamasligi ham tanqidlarga sabab bo‘ldi. Biz hammasini kuzatib boramiz. Talabalardan ko‘ra oilani ijaraga qo‘yishni afzal bilishadi.

Bu muammoni biz – hukumat hal qilishimiz kerak. Topshiriq bo‘ldiki, talabalar turar joylaridan birida ishlamay turgan kichik bozor bor. O‘sha yerda Davlat xizmatlari agentligi orqali ijara beruvchilar ham, ijaraga oluvchilar ham boradigan markaz qilamiz. Bu yerda talabalar ish topishlari ham mumkin bo‘ladi. Bu nomiga qilinmaydi. Adliya vazirligi hamda bizga (OO‘MTV) bu vazifa yuklatildi”, – deya ta'kidladi Toshqulov.

Ma'lum bo‘lishicha, ayni paytda O‘zbekistonda talabalarning turar joy bilan ta'minlanishi 28 foizdan 41 foizga yetgan. 2022–2026 yillarda 91 ming o‘rinli TTJ qurib foydalanishga topshiriladi. Bunga hokimliklar ham mas'ul etib belgilangan.

Bundan tashqari, ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovlarini qoplab berish tizimi bo‘yicha ham muammolar yuzaga kelgani sababli soliqlardan ozod etish to‘g‘risida topshiriq berilgan. Hozirda ushbu qaror loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid