Kun.uz shu yilning yanvar oyida Toshkent markazidagi Abay ko‘chasiga tutash 13-mavze, 11– va 13-uylar orasida ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi bilan bog‘liq mojaroli vaziyatni yoritgan edi.

Oradan bir oy o‘tib, qurilish to‘xtatilgani va tadbirkorga yer ajratish to‘g‘risidagi hokim qarori bekor qilingani haqida xabar berilgandi.

Quruvchi tashkilot 2018 yildan buyon bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan hududni osonlikcha tark etmoqchi emasga o‘xshaydi. Sababi, hozirga qadar o‘rab olingan hudud aholiga qaytarib topshirilgan emas.

Mahalla ahli esa hamon qurilishga mutlaqo qarshi.

Bu yerda ko‘p qavatli uy qurilishi O‘zbekiston qonunchiligiga mutlaqo zid. Hech kim bu yerda turadigan aholi bilan maslahat qilmagan. Bu – o‘zboshimchalik bilan olib borilayotgan qurilish.

Prezident bir oy oldin: “Toshkentda endi qurilish qilmaymiz, tashqariga chiqamiz” deb aytdi. Bular esa qurmoqchi. Bu qanaqasi? Davlat rahbariga quloq solmasdan, faqat o‘z manfaatini ko‘radigan odamlarga qanday qarash mumkin? Qonunlarimiz ishlamayapti, aytgan gapimiz hayotga tatbiq qilinmayapti”, – deydi Rahimjon Sultonov.

Ko‘pdan beri shu qurilishni to‘xtatishga harakat qilib kelyapmiz. Yonimizda maktab bor. Bu yerga ko‘plab mashinalar o‘quvchilarni olib keladi”, – deydi yana bir fuqaro Guli Shukurova.