Budjet kodeksining 97-moddasiga asosan, Davlat budjeti töğrisidagi qonun loyihasi va budjetnoma Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis palatalariga, qoida tariqasida, joriy yilning 15 oktyabridan keçiktirmay kiritilişi belgilangan.

Lekin, parlament deputati Doniyor Ğaniyev öz Telegram-kanalida yozişiça, 2021 yil 9 noyabr holatiga, ya'ni belgilangan muddatdan 25 kun ötgan bölsa-da, budjet loyihasi va budjetnoma Qonunçilik palatasiga kiritilgani yöq.

“Şuningdek, Budjet kodeksiga ötgan yili kiritilgan özgartirişlarga asosan, kelgusi yil uçun yangilangan örta muddatli davr fiskal strategiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 15 iyuniga qadar tasdiqlanişi va tasdiqlangan fiskal strategiya ma'lumot uçun Oliy Majlis palatalariga taqdim etilişi hamda jamoatçilik uçun Moliya vazirligi veb-saytida e'lon qilinişi belgilangan.

Belgilangan muddatdan deyarli 5 oy ötgan bölsa-da, örta muddatli fiskal strategiya na Oliy Majlis palatalariga kiritilgan, na Moliya vazirligi veb-saytida e'lon qilingan. Özi umuman 2022 yil uçun yangilangan fiskal strategiya Moliya vazirligi tomonidan işlab çiqilganmi yoki yöq, bu ham noma'lum.

Töğri, bu yil mamlakat prezidentligiga saylov ötkazilgani va ğolib nomzod tomonidan saylovoldi dasturda ilgari surilgan masala va rejalar yangi budjet loyihasida öz aksini topişi nuqtayi nazaridan 2022 yil uçun budjet loyihasini işlab çiqiş keçikişi tabiiy hol.

Lekin şunga qaramay, budjet loyihasining Oliy Majlis palatalari tomonidan körib çiqilişi uçun ham yetarliça vaqt berilişi kerak. Garçi amalda deputatlar budjet loyihasi parametrlariga jiddiy özgartiriş yoki qöşimça kiritolmasalar-da, lekin budjet muhokamasi uçun Budjet kodeksida belgilangandek, qoida tariqasida, Qonunçilik palatasiga ham kamida bir oy muddat qoldirilişi kerak.

Umid qilamanki, budjetnomani kiritişda keçikilgan vaqt uni Oliy Majlis palatalarida körib çiqiladigan muddatni qisqartiriş hisobiga qoplanmaydi”, deya yozdi deputat Doniyor Ğaniyev.