Oliy Majlis Qonunçilik palatasining 3 dekabr kuni bölib ötgan navbatdagi majlisining bir qismi jonli efirda uzatildi. Kun.uz uşbu jonli efirdagi e'tiborga molik holatlarni taqdim etadi.

Majlis avvalida deputatlar «Özbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uçun javobgarlik muqarrarligini ta'minlaşga qaratilgan özgartiş va qöşimçalar kiritiş töğrisida»gi qonun loyihasini körib çiqdi. 108 nafar deputat qatnaşgan majlisda qonun birinçi öqişda 100dan ortiq deputatning ovozi bilan qabul qilindi.

Ikkinçi öqişda moddama-modda körib çiqilgan «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilişi hamda iste'mol qilinişini çeklaş töğrisida»gi qonun loyihasi deputatlarning qizğin bahs-munozaralariga sabab böldi.

Alkogol va tamaki mahsulotlari tarqatilişi hamda iste'mol qilinişini çeklaş sohasidagi munosabatlarni tartibga soliş maqsadida işlab çiqilgan qonunda, avvalo jamoat joyi tuşunçasiga töliq ta'rif berilmagani qayd etildi. Şuningdek, qonunga kiritilayotgan «nosvoy» böyiça tegişli bandlar ham ayrim deputatlarning noroziligiga sabab böldi. Ularning fikriga köra, nos haqidagi talablarning qonunçilikka kiritilişi uning legalizatsiyasiga yöl oçişi va yanada köpayişiga sabab bölişi mumkin.

Lekin, köpçilik boşqa deputatlar real hayotda, çekka hududlarda köpçilik baribir nos çekişini, bundan köz yumiş emas, balki holatni tartibga soliş zarurati borligini ta'kidlaşdi.

Faol deputatlardan Alişer Qodirov loyihadagi tamaki mahsulotlarining turi sifatida keltirilgan sun'iy sintez mahsulotlarini bu turga qöşmaslik haqida gapirdi. Rasul Kuşerbayev esa qonunda keltirilgan alkogol va tamaki mahsulotlarini iste'mol qiliş taqiqlangan joylar borasida tuşunmovçiliklar borligini ta'kidladi.

Foto: Qonunçilik palatasi

Spiker Nuriddin Ismoilov qonunning bu talabi uning rus tilidagi matnida yaxşiroq tuşuntirib, izohlab berilganini ta'kidladi.