Jizzax viloyatida 2021 yil 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayramini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha viloyat hokimining tegishli farmoyishi imzolandi.
“Viloyat moliya boshqarmasi (A.Rahmatullayev) viloyat mahalliy budjeti daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi mablag‘lari hisobidan Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayramini yuqori saviyada nishonlash uchun 1 894 814 000 (bir milliard sakkiz yuz to‘qson to‘rt million sakkiz yuz o‘n to‘rt ming) so‘m mablag‘ni viloyat hokimligiga ajratsin”, deyilgan Ergash Soliyev imzolagan farmoyishda.
Hokimlik rasmiy izohida tushuntirishicha, bu mablag‘ ajratilishi 27 noyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan yig‘ilishdagi topshiriq ijrosi bilan bog‘liq.
Yig‘ilishda “Hosil bayrami”ga tayyorgarlik ko‘rish va uni nishonlash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Hokimlik shunga asosan qariyb 1,9 mlrd so‘mni 11 dekabr kuni Do‘stlik tumanida 20 ming aholiga xalq sayli tarzida “Hosil bayrami” tashkil etish, 12 dekabr kuni mingga yaqin agrar soha faollarini rag‘batlantirish va bayram tadbiri tashkil etish uchun ajratgan.
Ma'lumot uchun, o‘tgan hafta Jizzax viloyati maktab o‘quvchilarga eng kam pul ajratilgan viloyatlar uchligidan joy olgandi. Jizzax viloyatida har bir o‘quvchi soniga ajratilgan o‘rtacha mablag‘ miqdori (9940 so‘m) Andijon viloyatidagi ko‘rsatkichdan (95260) 9,5 barobarga, Qoraqalpog‘istondagi ko‘rsatkichdan 8,6 baravarga kam.
Avvalroq Kun.uz Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yangikent mahallasida aholi ichimlik suvni bir necha yildan beri sotib olayotgani, hududga toza ichimlik suv tortib kelish masalasi viloyat miqyosida ko‘tarilgan bo‘lsa-da, natija bo‘lmayotgani haqida xabar bergandi















