Bugun, 10 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisidan jonli efir bor-yo‘g‘i 48 daqiqa davom etdi xolos. Deputatlar muhim qonun loyihalari muhokamasi va amaldorlarning eshituvini doimgidek “pardalar ortida” o‘tkazishdi.
Prezident farmoniga zid ravishda uch safardan buyon majlislarni jonli efirga uzatmayotgan xalq vakillaridan izoh olish uchun parlament quyi palatasi binosiga bordik. Lekin deputat va palata matbuot xizmati boshlig‘i Navro‘z Rizayev qo‘ng‘iroqlarimizga javob ham bermadi. Matbuot xizmatining boshqa xodimlari esa Oliy Majlis quyi palatasi nega prezident farmoniga bepisandlik bilan qarayotganiga izoh bermadi.

Avvalroq, Qonunchilik palatasidagi “Hukumat soati” ham prezident farmoniga zid ravishda jonli efirga uzatilmagandi. Palata matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban Telegram'dagi yozma translatsiya ham jarayonni jonli yoritish deb hisoblanishini bildirgandi.
Biz prezident farmonida Oliy Majlis tadbirlarini jonli efirda yoritishga mas'ul bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida ham bo‘ldik. Agentlik xodimlari masala yuzasidan faqat matbuot kotiblari javob berishini bildirdi. Aksilkorrupsiya agentligi matbuot kotiblari boshqa tadbirda bo‘lgani uchun bu tashkilotdan ham izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Shundan so‘ng, farmon ijrosi bevosita topshirilgan va ushbu masalaga asosiy mas'ul tashkilot Milliy teleradiokompaniyaga bordik. Buni qarangki, 2022 yil uchun budjetdan 500 milliarddan ko‘proq pul oladigan bu tashkilot xodimlarining aksari biz kelgan vaqtda majlisda bo‘lib chiqdi.















