
Pentagon rasmiysi Jon Kirbi chorshanba kuni jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Yevropaga qo‘shimcha kuchlar jo‘natilishi AQSh o‘z ittifoqchilarini himoya qilishga tayyor ekanini ko‘rsatadi. Polsha ham, Ruminiya ham NATO a’zolari hisoblanadi. «Ochig‘ini aytganda, janob Putinga va butun dunyoga NATO AQSh uchun ham, ittifoqchilarimiz uchun ham muhim ekani haqida aniq sinal yo‘llash muhim», - degan Kirbi.
Kirbi ishtirokidagi brifing boshlanishidan oldinroq Reuters agentligi shaxsini sir qolishini istagan amaldorga asoslangan holda 3 ming kishidan 1700 nafari to‘g‘ridan to‘g‘ri AQShning Shimoliy Karolina shtatidagi Fort-Bregg bazasidan Polshaga yuborilishi, Polshaga borishi kerak bo‘lgan yana 300 kishi va Ruminiyaga boradigan 1000 kishi Germaniyadan ko‘chirilishi haqida xabar tarqatgandi.
Kirbining qayd etishicha, bu 3 ming kishi o‘tgan haftada Pentagon tomonidan Yevropaga yo‘l olishi uchun yuqori shay holatga keltirilishi ma’lum qilingan 8,5 ming kishilik kontingent tarkibida emas.

Pentagon vakili bu qismlar Ukraina hududiga joylashtirilmasligi, shuningdek, ular Polsha va Ruminiyaga doimiy asosda emas, «mavjud vaziyatga javob» sifatida vaqtinchalikka jo‘natilayotganini ta’kidlagan. Hozirda ushbu ikki mamlakat hududida ham Amerika armiyasining kichik kontingentlari mavjud.
Amerikaning Wall Street Journal gazetasi o‘z manbasiga asoslangan holda xabar qilishicha, Pentagon yana bir necha ming askarga (dastlabki 8,5 mingga qo‘shimcha) NATOning sharqiy qanotidagi davlatlarga yo‘l olish uchun tayyor turish bo‘yicha ko‘rsata bergan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vashington mintaqada keskinlikni oshirishda davom etayotganini qayd etgan.
«AQSh amalda Yevropadagi keskinlikni oshirishda davom etmoqda. Bu Rossiyaning xavotir olishi sababining yaqqol dalili», - deya Peskovning so‘zlarini keltiradi CNN.



















