Toshkentda III Xalqaro reytinglar forumi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan adliya vaziri Ruslanbek Davletov O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga imkon beruvchi omillarni sanab o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Reytinglarga ta’sir qiladigan yo‘nalishlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, birinchisi – davlat boshqaruvidagi islohotlardir. Ma’muriy islohotlar O‘zbekistonga juda ham kerak. Bu haqda ko‘p gapiryapmiz, prezidentning alohida farmoyishi ham qabul qilindi. Birinchi qadam sifatida, adliya tizimidagi 3ta tashkilotimizni birlashtirib, funksiyalarni optimizatsiya qildik va kamida 100 mlrd so‘mgacha davlat budjetiga foyda keltirdik. Bunda xizmat ko‘rsatish tuzilmalarini o‘zgartirmagan holda, rahbarlar sonini kamaytirdik. Allaqachon buning ijobiy tomonlarini ham ko‘rmoqdamiz.

Boshqa davlat tashkilotlarida ham o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Oson bo‘lmaydi, albatta. Qaysi vazirlik o‘zlarining ma’lum funksiya va vakolatini keraksiz, deb aytadi. Bu yerda idoraviy manfaat bor. Hukumat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayligina bu jihatlarni hal qilyapmiz.

Ikkinchi yo‘nalish – raqamlashtirish. Bu qaysidir indekslarda o‘rnimizni yaxshilash uchun emas, balki ma’muriy munosabatlarimizni to‘g‘rilash, maqbullashtirish uchun zarur. Shu zaylda byurokratiya sabab yuzaga kelayotgan korrupsiyaviy holatlarning oldini olish mumkin.

Yaqinda davlat rahbari byurokratiyaga qarshi to‘rtinchi paket hujjatlarni e’lon qildi. Hozirda davlat xizmatlarining 30 foizigina elektronlashgan. O‘z oldimizga bu ko‘rsatkichni 70 foizga olib chiqish vazifasini qo‘yyapmiz. Bir yilda 10-11 mln odamga xizmat ko‘rsatyapmiz, navbatlar mavjud. Bularning hammasini raqamlashtirsak, xizmat ko‘rsatish osonlashadi.

Bu yerda muammo shundaki, uzoq paytdan beri yig‘ilib kelinayotgan ma’lumotlar bazasi qog‘oz ko‘rinishida saqlanib qolmoqda. Bularni o‘zgartirish uchun pul kerak, to‘g‘ri uslubiyat zarur. Chunki ertaga ikkita yoki uchta tashkilot o‘zini alohida raqamlashtirsa, ularning ma’lumotlarini o‘zaro integratsiya qilish muammo bo‘lib qoladi, bir-birlarining kodlarini o‘qiy olmay qolishlari mumkin. Shuning uchun yagona davlat siyosati nuqtayi nazaridan yondashish lozim.