Advokatning fikricha, AQShning ayrim shtatlarida bugungi kunda ham kuchda bo‘lgan g‘alati va mantiqsiz qonunlarning O‘zbekistonda ham analogi bo‘lishi kerak emas. Chunki huquqiy demokratik jamiyat qurayotgan O‘zbekistonda qonunlar iloji boricha mukammal bo‘lishi kerak.
«Savol judayam oddiy: «Tonirovka» mumkinmi yoki mumkin emasmi? Juda ko‘p davlatlarda javob «mumkin» yoki «mumkin emas»ga ajratiladi. «Pullik» yoki «tekin» degan narsa yo‘q. Mumkin bo‘lsa, me’yor belgilangan va siz o‘sha me’yor darajasida istalgancha qoraytirishingiz mumkin. Mumkin bo‘lmasa, taqiq – tamom. Uni Ali ham, Vali ham, kim bo‘lishidan qat’i nazar, qoraytirishga haqqi yo‘q
Har bir fuqaro qonun oldida teng! Bu narsa bizning Konstitutsiyamizda ham belgilab qo‘yilgan. Xususan, Konstitutsiyamizning 54-moddasida», dedi Bahovaddinov.
«Mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart» — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 54-modda.
Avtobloger sifatida ham faoliyat yurituvchi faol avtomobil oynasini qoraytirish ruxsatnomasi uchun belgilangan, aholi daromadlariga taqqoslaganda «kosmik» narxlar inson huquqlarini poymol qilish ekanini ta’kidladi.
«Dastlab «tonirovka» uchun belgilangan summalar qiymati juda baland edi. Keyin, qaysidir ma’noda «rahm qilishdi» va orqa oynalar uchun tonirovka narxini BHMning 4,5 barobarigacha tushirishdi. Old oynalar, to‘liq tonirovka uchun narxlar esa men uchun «kosmik» narx. Bugungi kunda o‘rtacha oylik ish haqini hisobga olganda – bitta odam yozda o‘zini bir oz qulay his qilishi uchun 6 oylik oyligini yemay-ichmay berishi men uchun mantiqsizlik. Bu – inson huquqlarini ochiqdan ochiq poymol qilish.
«Nega oddiy soya uchun buncha yuqori narx?» — Blogerlarning hafta mavzulari
Bizda Konstitutsiya bor. Uni qabul qilingan yili bilan faqatgina sanasini eslab qolish – bizga hech narsa bermaydi. Uni ichida nima yozilgani bilan ham qiziqib qo‘yganimiz yaxshi. Konstitutsiya amalda – qonunlarimiz va boshqa normativ hujjatlar Konstitutsiyaga belgilangan normalarga zid bo‘lishi mumkin emas.















