Yanvar oyida «Birgalikda yeng shimariladigan ish: internetda o‘zbekcha kontentni ko‘paytirish uchun nimalar qilsa bo‘ladi?» sarlavhasi ostida maqola yozgan edim.

Maqolaga mutasaddilar e’tibor qaratishdi, o‘zimga ham qo‘ng‘iroq qilib, o‘ta jo‘yali takliflar bildirilganini aytishdi. Senatorlar internetda yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi va zararli axborotdan himoya qilinishi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror ham qabul qilgandi.

Vikipediyaning o‘zbekcha talqinini rivojlantirish uchun eng yaxshi ensiklopedistlar o‘rtasida Vikimarafon tanlovi e’lon qilindi.

30 iyun — yoshlar kunida prezident Shavkat Mirziyoyev internet tarmog‘ida o‘zbek milliy kontentini rivojlantirish uchun 10 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qildi.

«Vikipediyada o‘zbek tilidagi maqolalar sonini 100 mingtaga yetkazish va xorijiy tillarda ham O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish yaxshi samara berishi shubhasiz. Ushbu maqsadlar uchun 10 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bunday tadbirlarga, bilimli va shijoatli volontyor yoshlarni jalb qilish hamda ularning faoliyatini tizimli ravishda rag‘batlantirib borish lozim», – dedi prezident yoshlar oldida chiqish qilar ekan.

Albatta, Vikipediyani to‘ldirish — to‘g‘ri yo‘nalishdagi oqilona qaror, ammo bu choralar yetarli emasga o‘xshayapti.

Qoraqalpog‘istondagi noxush voqealar shuni ko‘rsatdiki, ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda, YouTube, Instagram va TikTok kabi videohostinglarda qo‘shni davlatlarda tarixni o‘z manfaatlariga moslab, yoshlarga buzib ko‘rsatish bo‘yicha «kimo‘zar»ga musobaqa ketyapti. Internetda minglab misollar bor bunga.

Ochiqchasiga tan olish kerak, ayniqsa Qozog‘iston bu borada juda ilg‘or. Ular ayrim masalalarida o‘zlari to‘qigan yolg‘onlarga o‘zlari ishonib o‘tirishibdi.