«Vedomosti» nashrining yozishicha, bunday operatsiyalarda bir necha kun ichida 6 foizgacha daromad olish mumkin.

«Bunday usuldan valuta chayqovchilari 30 yil avval foydalanishgan, u hanuzgacha ish bermoqda. Bunda faqat valuta «qora bozori»dan foydalanish kerak bo‘ladi, – degan «InstaForeks» kompaniyalar guruhi tahlilchisi Aleksandr Davidov. – Bu sxema – 90-yillarga havola, o‘sha paytlar valutani faqat bozorlarda almashtirardik».

Ayni paytda Rossiyada naqd valutani banklardan xarid qilish imkonsiz, uni «qora bozor»da pullash ortidan esa mo‘maygina daromad qilish mumkin.

«Bu holatda marja (foyda) pullarni jalb qilish sharoitlariga, ya’ni u yoki bu valuta qanday narxda xarid qilinayotganiga bog‘liq. Gap shundaki, amaliyotda chayqovchilik u yoki bu shaklda qarz mablag‘lari evaziga amalga oshiriladi va barchasi ularning qiymatiga bog‘liq. Agar pul o‘zingizniki bo‘lsa, ustidan 5 foiz daromad juda zo‘r hisoblanadi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, komissiyalar tufayli ming dollarlar bilan bu ishni qilish bema’nilik. O‘ylashimcha, foyda olish uchun kamida bir necha yuz ming dollarni aylantirish kerak», – degan Aleksandr Davidov.

Tajribali chayqovchilar yillar davomida qo‘shni davlatlar bozorini doimiy monitoring qilib, eng foydali kurslarni kuzatib ana shunday jo‘g‘rofiy sxemada pul ishlashadi. Rossiyada bu amaliyot aprel-may oylarida jozibador edi, o‘shanda dollar ayrim pul ayirboshlash shoxobchalarida 160 rublgacha ko‘tarilgan edi. Biroq so‘nggi bir necha haftada Rossiya valutasi 1 AQSh dollariga 60 rubl kurs atrofida mustahkamlandi va davlatlar o‘rtasidagi arbitraj o‘z ma’nosini yo‘qotdi.

«Bundan tashqari, mazkur operatsiyalar bozordan tashqaridagi risklar bilan chulg‘ab olingan bo‘ladi, – degan «Otkrytiye» boshqaruvchi kompaniyasining investitsiyalar bo‘yicha direktori Vitaliy Isakov. – Rossiyadan xorijdagi shaxsiy hisobraqamga katta limitda valuta jo‘natish mumkin. Hozir bu oyiga 1 mln AQSh dollarini tashkil etmoqda. Xorijdagi hisob raqamdan pullarni naqd qilib yechib olinadi va ular Rossiyaga qaytarib olib kelinib, birja kursida emas, qimmatroq bank kursida pullanadi».

Davlatlar o‘rtasida tez-tez qatnaydigan xorijliklar, migrantlar va ikki fuqarolikka ega kishilar bu ish bilan bemalol shug‘ullanayotgani aytilmoqda. Bu – normal iqtisodiy faoliyat, lekin u ma’lum bir nou-hau, ma’lum bir risklar bilan bog‘liq. Agar siz naqd pul olib ketayotgan bo‘lsangiz, sizni tunashlari mumkin yo qandaydir bir noxush hodisa ro‘y berishi mumkin, yoki yetib kelguningizga qadar bankdagi kurs keskin o‘zgarishi ham mumkin.