Bugungi kunda davlat tashkilotlariga xos bo‘lib qolgan bir mashg‘ulot turi bor: bu chidab bo‘lmas darajada ko‘p o‘tkaziladigan yig‘ilish, majlis, videoselektorlar. Gohida mas’ullar uzzukun shu ish bilan band bo‘lishayotgandek tuyiladi. Kun.uz Toshkent viloyati hokimligi misolida vaziyatni tahlil qildi.
Oktyabrdagi 15 kunlik tadbirlar ro‘yxatida dastlabki videoselektor yig‘ilishi 3 oktyabr soat 17:00da (1) viloyat hokimligi binosida o‘tkazilgani qayd etilgan. Unda hokim o‘rinbosarlari, sektor va turli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etib, viloyatda “mahallabay” tizimida ishlashni yo‘lga qo‘yish hamda Oqqo‘rg‘on, Toshkent hamda Chinoz tumanlarida o‘tgan sayyor qabullardagi murojaatlar ijrosini muhokama qilishgan.


Qizig‘i, tadbirlar ro‘yxatidan o‘rin olgan va 5 oktyabr kuni soat 9:00da (2) bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi ham xuddi shu mavzuga bag‘ishlanganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, 4 oktyabr kuni soat 9:30da (3) barcha vazirlik, idora, tashkilotlar, xususan, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari shoshilinch tarzda Vazirlar Mahkamasiga yig‘ilishga chaqirilgan. Unda “Yashil makon” umummilliy loyihasini tatbiq etish, daraxtlarni ekish, parvarishlash hamda 2022–2023 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilingan.





Xuddi shu kuni soat 11:00da Vazirlar Mahkamasida 4 ta (4) masala bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi tashkil etilgan. Undagi mavzu “Yashil makon” umummilliy dasturini tatbiq qilish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi ijrosi hamda 2022 yilgi ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturi ijrosiga bag‘ishlangan.




























