Bosh vazir Liz Trassning iste’foga chiqish haqidagi bayonotidan keyin Buyuk Britaniya Konservativ partiyasida yetakchilik uchun yana kurash boshlandi. Yuqori martabali torilar partiyadoshlari orasida tarafdor yig‘ishga kirishdi, ekspertlar fikricha, partiya rahbarligi hamda bosh vazirlik uchun ehtimoliy nomzodlar hukumatning sobiq rahbari Boris Jonson, sobiq moliya vaziri Rishi Sunak va Jamoatlar palatasi raisi Penni Mordont hisoblanadi.

Bu uch siyosatchining hech biri hozircha bosh vazirlik poygasida ishtirok etish niyati haqida rasman e’lon qilmadi.

Liz Trass payshanba kuni o‘zining iqtisodiy siyosati muvaffaqiyatsizlikka yuz tutishi fonida iste’fo berdi, u Buyuk Britaniya bosh vazirligida olti haftaga yaqin muddat qola oldi. Yangi bosh vazir nomi keyingi juma kuniyoq ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.

Dushanba kuni soat 14:00 ga qadar nomzodlar kamida yuz nafar konservator deputat qo‘llab-quvvatloviga erishishi kerak. Agar bunga faqat bir siyosatchi erisha olsa, u avtomatik ravishda bosh vazirga aylanadi. Agar nomzodlar soni bir necha nafarni tashkil etsa (parlamentariy-torilar sonidan kelib chiqqan holda, poygada ko‘pi bilan uch nafar siyosatchi qatnashishi mumkin), ularning nomzodlari Konservativ partiyaning barcha a’zolari tomonidan ovoz berishga qo‘yiladi.

Liz Trass Buyuk Britaniya bosh vazirligidan iste’fo berdi. U bu lavozimda ikki oy ham ishlay olmadi

Hokimiyatdagi 45 kun. Trassning iste’fosiga nimalar sabab bo‘ldi?

Jonsonning imkoniyatlari qanday?

Uning kurashga qo‘shilish-qo‘shilmasligi hozircha aniq emas, ammo mutaxassislar yozda shov-shuvli mojaro bilan bosh vazirlikdan ketganiga qaramay, uning imkoniyatlari yomon emasligini aytishmoqda. Payshanba kuni Jonson Karib orollaridagi ta’tilini barvaqt yakunlab, zudlik bilan Londonga qaytayotgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: LEON NEAL/ GETTY IMAGES NEWS

«Men so‘nggi 24 soat ichida o‘z fikrimni o‘zgartirdim. O‘zim chindan hurmat qiladigan va odatda raqamlar borasida juda yaxshi bo‘lgan ikki-uch kishidan eshitdimki, u nafaqat 100 talik nuqtadan o‘tadi, balki 140 nafarga yaqin deputat uning nomzodini qo‘llab-quvvatlashi mumkin», dedi Konservativ partiya tarafdorlarining ConservativeHome saytiga asos solgan Tim Montgomeri BBC Radio’4 ning Today efirida.