O‘zbekiston | 18:51 / 30.11.2022
11311
3 daqiqa o‘qiladi

Akmal Burhonov korrupsionerlarni suvarakka o‘xshatdi

Foto: Kun.uz

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov Twitter'da yozgan postida korrupsiyaga berilgan odamlarni suvaraklarga o‘xshatdi.

“Korrupsionerlar suvaraklarga o‘xshaydi: ular ovqat ko‘p va kamdan kam tozalab turiladigan joylarda paydo bo‘ladi”, – deb yozdi Burhonov.

Agentlik direktori o‘z tvitiga suvarakning rasmini ilova qilgan.

Tvitga qator foydalanuvchilar javob yozgan:

“Tarakanlar yorug‘likdan qochishadi – hamma narsaga chiroq yoqish va xalqqa ochiqlashning o‘zi yetarli. Lekin...”

“Tarakanlar qonunlarni buzishini kim nazorat qilishi kerak?”

“Akmal Eshondedayevich suvaraklar kimligiga hozircha aniqlik kiritmadi”.

Akmal Burhonov yuqoridagi tvitini kecha, 29 noyabr kuni yozgan. Shu kuni Aksilkorrupsiya agentligi Toshkent shahrida “O‘zbekiston biznes hamjamiyatida halollik” II biznes-forumini o‘tkazdi.

Eslatib o‘tamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2020 yil iyun oyida tashkil etilgan edi. Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Idora prezidentga bo‘ysunadi, Oliy Majlis palatalari oldida hisob beradi. Agentlik direktori maqomi bo‘yicha vazirga tenglashtirilgan.

Agentlikka qator vakolatlar berilishini ko‘zda tutuvchi “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2020 yil sentabrda e’lon qilingan edi, lekin haligacha qabul qilingani yo‘q.

Agentlik davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash tizimini yo‘lga qo‘yishga erisha olmayapti. Prezident qarorida yozilgan korrupsionerlar reyestrini yuritib borish vazifasi ham bajarilmayapti. “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ham hali ko‘rib chiqishda, qonun Senatga yuborilgan.

Shu bilan birga, agentlik hammuallifligida yozilgan va davlat xizmatchilariga tadbirkorlik qilishni uzil-kesil taqiqlagan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun shu oydan kuchga kirdi.

Mavzuga oid