Oxirgi bir necha kunda O‘zbekistonda havo harorati pasayib, sovuq tushdi. Shunga qaramay, Shahrisabz shahar hokimligi tomonidan kechqurun o‘tkazilgan tadbirga yupun kiyingan o‘quvchi qizlar jalb qilingan. Holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach, xalq ta’limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamova munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yoshlar ishlari agentligining Shahrisabz shahar bo‘limi va sektor rahbarlari “Yoshlar daftar”ida turganlarga navbatdagi subsidiya asosida mehnat qurollarini va to‘lovlar uchun sertifikatlar topshirish uchun 1-maktab hovlisida tadbir tashkil etishgan.

Foto: Shahrisabz shahri hokimligi matbuot xizmati

Garchi tadbir maktabga va ta’limga aloqasi bo‘lmasa ham unga yupun kiyingan yosh o‘quvchi qizlar jalb qilingan. Tadbirdan so‘ng bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati o‘zining Telegram-kanaliga post qo‘ygan.

Postga ilova qilingan fotosuratlarda shahar hokimi Akrom Sulaymonov boshchiligidagi mutasaddilar tunda o‘zlari issiq kiyim kiyib olgan holda, ularning oldida turgan kamida 6 nafar qiz yupun kiyingani aks etgan. Hozirda suratlar kanaldan o‘chirib tashlangan.

Hokimlik kanalidan o‘chirib tashlangan post

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati o‘z munosabatida hokimlar, sektor rahbarlari, huquq-tartibot organlari mas’ullariga turli tadbirlarni tashkil etayotganda maktab o‘quvchi va o‘qituvchilarini jalb qilmaslik bo‘yicha doimiy ogohlantirish berib kelinayotganini ta’kidlab buni yana bir bor eslatgan.

“Afsuski, shunga qaramay ushbu suratdagi kabi ayanchli holatlar yuzaga kelmoqda. Bolalarning maktabdan tashqari vaqtlarda tadbirga jalb etilishi va eng achinarlisi, sovuq ob-havo sharoitiga qaramay ularning yupun kiyimlarda ekanligi ushbu hududdagi har bir mutasaddining aybi, deb hisoblaymiz”, deyiladi munosabatda.

XTV matbuot kotibi joylardagi XTBlar va maktab rahbarlarini Shahrisabzdagi holatdan tegishli xulosalar chiqargan holda, bunday harakatlarga yo‘l qo‘ymasliklari yuzasidan ogohlantirgan.

Shahrisabzda bo‘lgan holat birinchisi emas. O‘zbekistonning turli hududlarida sovuq havoda maktab o‘quvchilari bo‘lgan yosh qizlarni ta’limga va maktabga aloqasi bo‘lmagan turli tadbirlarga jalb qilish tez-tez sodir bo‘ladi.