28 noyabr kuni ko‘rib chiqish boshlangan Nukus voqealari bo‘yicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishining jonli efiri guvohlar va jabrlanuvchilar bir-birlarining ko‘rsatmalarini eshitib olmasligi uchun vaqtincha to‘xtatilgandi.
Sud jarayonining onlayn namoyishini tiklash yoki tiklamaslikni sud hal qiladi. Bu haqda Bosh prokuraturaning Mustaqil parlament komissiyasi savollariga javoban taqdim etgan axborotida so‘z boradi.
“Sud muhokamasining guvohlar ko‘rsatmalarini eshitish bosqichida JPKning 432-moddasi talabiga ko‘ra, sud ajrimi bilan onlayn namoyish etish to‘xtatilgan. Sud jarayonlari taraflarning muzokarasi bosqichida OAV vakillari tomonidan onlayn namoyish etilishiga sudning tashabbusi bilan yoki jinoyat protsessi ishtirokchilari iltimosnomasiga ko‘ra, raislik etuvchi sud tomonidan ruxsat etilishi mumkin”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘istondagi namoyishchilarga doir sud jarayoni ochiq tarzda o‘tkazilayotgan bo‘lib, barcha ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar vakillari, huquq faollari, blogerlar hamda sudda ishtirok etish istagini bildirgan barcha shaxslar uchun jarayonni video-konferens-aloqa orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyati yaratilgan.
Bosh prokuraturaga ko‘ra, 2022 yil 7 dekabrgacha sud jarayonida 38 nafar jurnalist va bloger qatnashgan, biror-bir OAV vakilining sudda qatnashishishiga monelik qilish bilan bog‘liq holat qayd etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklar kuzatilgandi. Iyul oyida Qonunchilik palatasi va Senat Qoraqalpog‘iston voqealari yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish uchun Mustaqil komissiya tuzgan, ombudsman Feruza Eshmatova rahbarlik qilayotgan komissiya a’zolari 15 avgust kunidan yana ish boshlagandi
















