Jamiyat | 15:21 / 25.12.2022
37694
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda o‘zganing mashinasida YTH sodir etgan profilaktika inspektori lavozimidan ozod etildi

U endi Qoraqalpog‘istonda ishlashi mumkin.

Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida xurmacha qiliqlari bilan internetda tanilgan profilaktika inspektori Salohiddin Pardaqulov ishdan olindi.

«O‘ziga tegishli bo‘lmagan fuqaroning Equinox mashinasida yo‘l- transport hodisasi sodir qilgan profilaktika inspektori viloyat IIB boshlig‘ining 2022 yil 21 dekabrdagi buyrug‘iga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etildi», deya xabar berdi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.

Kun.uz saytida 2022 yilning oktyabr oyida Past Darg‘om tumani Mang‘itobod mahallasida profilaktika inspektori bo‘lib ishlab kelgan Pardaqulovning xatti-harakatlari haqida surishtiruv e’lon qilingandi. U o‘zi ishlab kelgan mahalladagi fuqaroning mashinasini hujjatsiz boshqarib, bir necha marta yo‘l qoidalarini buzgan. Qarshisida yo‘ldan qayrilib olayotgan «Vaz 2107»ga borib urilishi oqibatida ikki mashinaga ham zarar yetgan. Sud «Vaz 2107» haydovchisini aybdor, deb qaror chiqargan. Biroq Equinox egasi Fozil Normurodov o‘z intervyusida profilaktika inspektori vakolatini suiiste’mol qilgani uchun zararni u qoplab berishini talab qilgandi.

Kun.uz’ga taqdim qilingan videoda profilaktika inspektori o‘sha kuni bir necha joyda bo‘lib, noma’lum shaxslar bilan muloqotda bo‘lgani aks etgan. Past Darg‘om tumanida ishlash unga qulayligi, hududda tanish-bilishi ko‘pligi, «istalgan ishni bittada bitirishi» bilan maqtanadi.

Surishtiruv e’lon qilinganidan so‘ng, viloyat IIB boshlig‘i Rahmat Mamatov tanqidiy ruhda yig‘ilish o‘tkazib, profilaktika inspektori Salohiddin Pardaqulov tizim sha’niga dog‘ tushirgani uchun otasining oldida ogohlantirgandi. Unga nisbatan jiddiy va keskin qaror qabul qilishini aytgandi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, noma’qul harakatlari uchun lavozimidan ozod qilingan Salohiddin Pardaqulov Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyatini davom ettirishi mumkin. 

Mavzuga oid