Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yaponiyaning Yomiuri Shimbun nashriga bergan intervyusida Ukrainaning bahorgi qarshi hujumi qurollar va o‘q-dori yetishmovchiligi tufayli ortga surilayotganini ma’lum qildi. Ukraina yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, yurish bahorga mo‘ljallangandi, ammo hozirda Ukraina qurolli kuchlariga o‘q-dori va qiruvchi samolyotlari yetishmayapti.

Yaponiya nashri yozishicha, Germaniya va boshqa mamlakatlar tomonidan taqdim etilgan tanklar frontga aprel oyida yetib keladi. Zelenskiy ulardan Rossiya mudofaa liniyasini yorib o‘tishda foydalanish rejalashtirilgani haqida aytib o‘tdi: «Tanklar bizga Ukrainani deokkupatsiya qilish uchun darkor».

Ammo, Ukraina prezidenti qayd etishicha, armiyada o‘q-dorilar bilan bog‘liq vaziyat juda og‘irligicha qolmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar har kuni Ukraina qurolli kuchlariga qaraganda qariyb uch barobar ko‘proq o‘q-dori qo‘llamoqda. «Biz hamkorlarimizdan o‘q-dorilar kelishini kutmoqdamiz. Hozircha boshlay olmaymiz», dedi u va yana bir bor AQSh va Yevropadagi hamkorlarni o‘q-dorilarni yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi.

U snaryadlar va raketalarsiz yurish boshlab bo‘lmasligini ta’kidlaydi: «Biz hali yurish boshlay olmaymiz. Tanklarsiz, artilleriyasiz va HIMARS tizimlarisiz jasur jangchilarimizni frontga yubora olmaymiz».

O‘tgan haftada Yevropaning 17 davlati va Norvegiya Ukraina uchun o‘q-dori ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha kelishib oldi, unga ko‘ra bir yil ichida Ukrainaga bir million snaryad yetkazib berish va’da qilingan.

Shanba kuni esa Polshadagi o‘q-dori ishlab chiqaruvchi Dezamet kompaniyasi Yevroittifoqning Ukrainani ta’minlash rejasi doirasida ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirgani haqida e’lon qildi.

Ammo bu rejalar ham yaqin kelajakda vaziyatni o‘zgartirishi dargumon – Ukrainaga G‘arb mamlakatlari armiyalarining hozirgi zaxiralarida turgan o‘q-dorilar kerak, chunki yangi snaryadlarni ishlab chiqarish ko‘p vaqt oladi.

«Armiyamiz rejalarini omma oldida muhokama qilishning hojati yo‘q»

Zelenskiyning bayonotidan keyin Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar OAV va fuqarolarni Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumga tayyorlanayotgani to‘g‘risida gapirmaslikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina armiyasining Xarkiv oblastidagi qarshi hujumi muvaffaqiyatli chiqishi omillaridan biri harbiy harakatlar hududiga yurish haqida kamdan kam ma’lumot beradigan harbiylardan boshqalarning kirishi to‘silgani uchun ham bo‘lgan.