12 aprel kuni AQSh hukumati Rossiyaning Ukrainaga bosqini bilan bog‘liq sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. AQSh Moliya vazirligining sanksion ro‘yxati 20 ta mamlakatdagi 120 ta yuridik va jismoniy shaxslar bilan to‘ldirildi. Ular orasida 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan 3 ta kompaniya ham bor.

SDN List'ga qo‘shilgan o‘zbekistonlik jismoniy shaxslar – milliarder Alisher Usmonovning qarindoshlari. Ular quyidagilar:

  • Ismoilova Gulbahor Burhonovna – Alisher Usmonovning singlisi. Akasi bilan The Sister Trust'ga egalik qiladi. AQSh hukumatiga ko‘ra, Gulbahor Narziyeva O‘zbekistondan tashqari, Rossiya va Kipr fuqaroligiga ham ega. Unga nisbatan avvalroq Yevropa Ittifoqi, Britaniya va Shveytsariya ham sanksiya qo‘llagan. Toshkentda joylashgan Fedorovich nomidagi klinika ta’sischilaridan biri (82,1 foiz, qolgan ulush Zunnur Ismoilovga tegishli).
  • Narziyeva Saodat Burhonovna – Alisher Usmonovning singlisi. Akusher-ginekolog, tibbiyotda 30 yildan ortiqroq stajga ega. Avvalroq uning Shveytsariyadagi Credit Suisse bankida 1,8 mlrd frank mablag‘i bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan, Alisher Usmonovning matbuot xizmati buni rad etgandi.
  • Kocharova Gulnoz Zunnurovna – O‘zbekistondan tashqari Rossiya va Kipr fuqaroligiga ham ega. Kiprdagi Almenor Holdings direktori. AQSh hukumati bu kompaniya Alisher Usmonovning “Kiprdagi tarmog‘i”ga kirishini qayd etgan.
  • Nosirxo‘jayev Shohrux Olimjonovich – BAAda joylashgan, Alisher Usmonovning “Metalloinvest”iga qarashli Hamriyah Steel metalloprokat zavodi bosh direktori.