Yevropa Ittifoqi davlatlari chorshanba kuni Rossiyaning Ukrainadagi urushi sababli bir nechta mamlakatlarning kompaniyalariga qaratilgan, savdo cheklovlarini buzgani uchun uchinchi mamlakatlarga eksport qilishni cheklaydigan yangi sanksiyalar yuzasidan birinchi muhokamalarini o‘tkazdi.
Reuters xabariga ko‘ra, gap Xitoy, Eron, Qozog‘iston va O‘zbekistonda ochilgan o‘nlab yangi kompaniyalar haqida ketyapti.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyenning aytishicha, yangi sanksiyalar Rossiya mavjud savdo cheklovlarini chetlab o‘tishini to‘xtatishga qaratilgan va G-7 davlatlari bilan “juda yaqin hamkorlikda” ishlab chiqilgan.
“Agar biz tovarlar Yevropa Ittifoqidan uchinchi davlatlarga, keyin esa Rossiyaga yetib borishini bilsak, a’zo davlatlarga ushbu tovarlarni eksport qilishga sanksiya kiritishni taklif qilishimiz mumkin. Bu vosita oxirgi chora bo‘ladi va ehtiyotkorlik bilan qo‘llanadi”, – dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, YeI o‘z eksportining aksariyat qismi, jumladan, yuqori texnologiyali mahsulotlar va samolyot qismlarining Rossiya orqali tranzitini to‘xtatadi.
Shuningdek, OAV manbalariga ko‘ra, yangi sanksiyalar neft tankerlariga GPS-trekerlari o‘chirilgan holda ochiq dengizda yuk tashish yoki portlarga yetib borishni taqiqlaydi. Rossiya shu yo‘l bilan neft savdosi bo‘yicha G-7 cheklovlarini buzishga qarshi harakat qilayotgani aytilmoqda.
Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tishda Markaziy Osiyo hududidan foydalanyaptimi?
Yevroittifoq Rossiyaga yordam berayotgan Markaziy Osiyo davlatlariga sanksiya kiritmoqchiligi haqidagi daraklar mart oyidayoq yangragandi.
The Telegraph nashri sanksiyalar Rossiyaga katta miqdorda kir yuvish mashinalari va eskirgan avtomobillarni yetkazib berayotgan davlatlarga taalluqli bo‘lishi haqida yozgan. Chunki kir yuvish mashinalari tarkibidagi yarimo‘tkazgichlar va avtomobil qismlari harbiy sanoatda qo‘llanishi mumkin.
“Kuzatuvchilar Yevropa Ittifoqi va Kremlning Markaziy Osiyodagi an’anaviy ittifoqchilari o‘rtasida iste’mol tovarlari ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshganini payqadi. Yangi marshrutlarda faollik 60-80 foizga ko‘paygan, Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tishda ulardan foydalanmoqda, degan xavotir bor”, deyiladi ingliz nashri xabarida.









