15:05 / 21.07.2023
9694

Telegram’da stories’lar paydo bo‘ldi. Messenjer ijtimoiylashmoqda

Telegram messenjerida stories – hikoyalar funksiyasi paydo bo‘ldi. Hozircha faqat Premium obunasiga ega foydalanuvchilar stories’larni joylashtirishi va ijtimoiy tarmoqlardagi kabi tahrirlashi mumkin.

Foto: Kun.uz

21 iyuldan paydo bo‘lgan hikoyalar funksiyadan foydalanish uchun premium obunachilar avvalo uni rasmiy manbalar (Play market yoki App store) orqali yangilab olishi kerak bo‘ladi.

Ilova asoschisi Pavel Durov bu funksiya orqali tarmoq yanada ijtimoiylashishini bildirgan edi. Durovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p yillar davomida foydalanuvchilardan kelgan so‘rovlarning yarmidan ko‘pi “Hikoyalar” bilan bog‘liq bo‘lgan.

Telegramdagi hikoyalarning maxfiyligi saqlanadi: siz storisni kim ko‘rishini o‘zingiz hal qilasiz, boshqalarning storislarini ham yashirib qo‘yishingiz mumkin.

Shuningdek, storisda mashhur ijtimoiy tarmoqlar kabi foto va videolarni tahrirlash, ular ustiga yozish va boshqalarni belgilash imkoni bo‘ladi. Kameradan foydalanishda esa Telegram videoxabarlari kabi ikkita kamerani qo‘llab-quvvatlash xizmati bo‘ladi.

Hikoyaning profilda qolish muddatini ham foydalanuvchining o‘zi belgilaydi: hikoya 6, 12, 24 yoki 48 soatda tugashini yoki doimiy ravishda qolishini tanlash mumkin.

Avvalroq, Durov telegram foydalanuvchilar soni yil boshida 800 milliondan oshganini ma’lum qilgan. Telegram, shuningdek O‘zbekistonda ham eng mashhur va ommabop messenjer hisoblanadi.

Top