O‘zbekiston | 11:24 / 03.12.2023
22587
14 daqiqa o‘qiladi

Hajga onlayn navbat, jarima ballari va tahlikali modda - hafta dayjesti

Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

Abdulla Qodiriy oradan 97 yil o‘tib oqlandi

O‘zbekistonda SSSR davrida nohaq ayblangan vatandoshlarni oqlash bo‘yicha huquqiy jarayonlar davom etyapti. 1 dekabr kuni atoqli yozuvchi Abdulla Qodiriy hukumatni obro‘sizlantirishda ayblanganidan salkam 100 yil o‘tib, oqlandi.

Ish hujjatlariga ko‘ra, Abdulla Qodiriy “Mushtum” jurnalida e’lon qilgan “Yig‘indi gaplar” sarlavhali maqolasi uchun 1926 yilda O‘zbekiston SSR Oliy sudi tomonidan “kontrrevolyutsion xarakterga ega adabiyotlarni tarqatish” moddasi bilan aybdor deb topilib, 2 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Adibni tiyib turish va ogohlantirib qo‘yish uchun chiqarilgan bu hukm bir kun o‘tib ijrodan to‘xtatilgan.

Oradan 97 yil o‘tib, O‘zbekiston Oliy sudi Abdulla Qodiriyning nabirasi tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqib, 1926 yilgi hukmni bekor qildi va Abdulla Qodiriyni to‘liq oqladi. Sud qarori bilan, yozuvchi o‘shanda tergovda nohaq ushlab turilgani ham rasman e’tirof etildi.

Ma’lumot uchun, garchi Abdulla Qodiriy 1926 yilda hukumatni obro‘sizlantirishda ayblanib, uni qamash haqidagi hukm ijrosi to‘xtatilgan bo‘lsa ham, zabardast yozuvchi 1938 yilda qatag‘on qilinib, otib tashlangan. Qodiriy bu jinoyatkorona hukm bo‘yicha Stalinning o‘limidan keyin, 1957 yilda oqlangan.

Ochiqlik siyosati yo‘lida jiddiy to‘siq

“Obro‘sizlantirish” so‘zi haftaning bosh mavzularidan biriga ham bevosita aloqador. 28 noyabr kuni Qonunchilik palatasi o‘ta bahsli moddani ham o‘z ichiga olgan qonun loyihasini imi-jimida, birdaniga uchta o‘qishda qabul qilib yubordi. Ichki ishlar vazirligi kiritgan bu moddaga asosan, huquq-tartibot idoralari xodimlarining tasvirlarini ularni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti.

Javobgarlik darajasi ancha yuqori: bazaviy hisoblash miqdorining naq 50 baravari, ya’ni 17 mln so‘m ma’muriy jarima yoki 15 sutkagacha qamoq. 94 nafar deputat moddaning qabul qilinishini yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, faqat ikki kishi qarshi chiqdi. Bu moddaga butunlay qarshiligini ochiq bildirgan yagona deputat Doniyor G‘aniyev qonun ochiqlik siyosatiga zidligini aytib, bu ertaga ayrim organ xodimlarining mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishiga sabab bo‘lishidan ogohlantirdi.

Aslini olganda, har qanday shaxsni obro‘sizlantirish bo‘yicha kodekslarda hozir ham tegishli javobgarlik bor. Aynan organ xodimlari uchun alohida modda belgilab qo‘yilishiga biror asos yo‘q. Shunisi aniqki, agar qonun Senatda ma’qullanib, prezident tomonidan imzolansa, huquq organlari, ayniqsa ichki ishlar organlarining ochiqligi va ular ustidan jamoatchilik nazoratiga juda katta zarba berilgan bo‘ladi.

Faollar bu qonun qabul qilinishining shu va boshqa xavfli oqibatlari haqida bong uryapti. Lekin ochiq muhokamaga qo‘shilayotgan rasmiylar sanoqli. Faqat “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov qonunga qarshiligini bildirib, qonundagi kamchiliklarni ochiq sanab o‘tdi. Ayni paytda uyg‘oq jamoatchilik loyihani Senat qaytarishidan umid qilyapti.

Haydovchilarga jarima ballari kun tartibiga qaytdi

Organ xodimlarining “obro‘sini saqlash”ga qaratilgan moddaning mantiqsizliklaridan biri – bu modda o‘zi ichida joylashgan qonunning mazmuni va maqsadiga umuman yopishmaydi. Qonunchilik palatasi seshanba kuni qabul qilgan qonun aslida yo‘l harakati sohasini qo‘shimcha tartibga solishga qaratilgan. Ichki ishlar vazirligi esa o‘z xodimlarining internetda sharmandali videolari tarqalishiga qarshi moddani hujjatga qo‘shib ketgan.

Shu moddani hisobga olmasa, bu qonun jamoatchilik uzoq kutgan ayrim o‘zgarishlarga yo‘l ochadi. Ulardan asosiysi – haydovchilar uchun jarima ballari. Bu mavzu nihoyat yana kun tartibiga qaytdi. Ya’ni O‘zbekistonda yo‘l qoidalarini xohlagancha buzib, buning uchun to‘lagan jarimalarini kolleksiya qilib, maqtanib, yallo qilib yuradigan ashaddiy qoidabuzarlarni tiyishi mumkin bo‘lgan tizim nihoyat ishga tushishi mumkin.

Bu qonun qabul qilinib, kuchga kirsa, haydovchilarga har bir qoidabuzarligi uchun jarima balli hisoblab boriladi. Agar haydovchining 1 yil ichida to‘plangan jarima ballari 12 balldan oshib ketsa, u muayyan muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladi. Bu muddat o‘tganidan keyin guvohnomasini qaytarib olmoqchi bo‘lgan haydovchi imtihon topshirishi kerak bo‘ladi.

Ballar birinchi qoidabuzarlik qayd etilganidan boshlab hisoblanadi va 8 balga yetganida haydovchiga ogohlantiruvchi SMS jo‘natiladi. Taklif etilayotgan ballar anchagina yumshoq. Svetoforning qizil chirog‘idan o‘tib ketish 2 ball, quvib o‘tish qoidalarini buzish 1,5 ball, tezlikni oshirish 0,5 balldan 2 ballgacha, noqonuniy tonirovka esa 1 yoki 2 balllik jarimaga sabab bo‘lishi taklif etilyapti. Ballar miqdorini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi va ular hali o‘zgarishi mumkin.

Bundan tashqari, guvohnomasi olib qo‘yilgan shaxs agar ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin ham yana takroran rulga o‘tirsa, endi jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilanmoqda. Qolaversa, avtomobilni mast holda boshqarish va tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash uchun ham jazo kuchaytirilib, jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan sanksiyalar ko‘zda tutilyapti.

Eslatib o‘tamiz, rivojlangan xorijiy davlatlarda jarima ballari haydovchiga har tomonlama ta’sir o‘tkazadi. Masalan, tez-tez qoida buzadigan va jarima ballari ko‘p bo‘lgan haydovchilar arzon sug‘urtani orzu ham qila olmaydi. Xuddi shunday, intizomli haydovchilar imtiyozli narxlardagi sug‘urta va avtomobil bilan bog‘liq boshqa to‘lovlarda imtiyoz olishi mumkin.

Korrupsiyaga qarshi yangi choralar

Prezident Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashish uchun keyingi 1 yilda nimalar qilinishi haqidagi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, 1 dekabrdan e’tiboran, nihoyat, Hajga navbatda turganlarning yagona onlayn navbati ishga tushishi kerak. Bu chora muqaddas ziyoratga borishdagi korrupsiyani cheklashidan umid qilinyapti. Yagona onlayn navbat Musulmonlar idorasining rasmiy saytida e’lon qilib turilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, qarorga asosan, bolalarni davlat bog‘chalariga qabul qilish bo‘yicha navbatlar, davlat tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar, davlat tashkilotlari tomonidan nodavlat-notijorat tashkilotlariga berilgan grantlar va buyurtmalar ham ochiq e’lon qilinishi shart bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatiga qo‘shilyapti.

Shuningdek, PhD va DSc ilmiy darajalarini olish bo‘yicha dissertatsiya himoyalari onlayn efirga uzatilishi talabi qo‘yildi. Endilikda prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar, o‘rta maxsus va professional ta’lim maskanlari, Temurbeklar maktabiga kirish sinovlari va oliygohlardagi harbiy kafedralarga qabul imtihonlari ham internetda to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatilishi kerak.

Qaror bilan, budjetdan tashqari jamg‘armalar ustidan jamoatchilik nazorat o‘rnatilishi, davlat xaridlaridagi insofsiz ijrochilar reyestri tuzilishi, Aksilkorrupsiya agentligiga yangi vakolatlar berilishi va boshqa o‘zgarishlar ham kutilmoqda.

Bank kartalaridagi pullar himoyasi kuchaytiriladi

Norasmiy manbalarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2023 yilda fuqarolarning kartalaridan 300 mlrd so‘m atrofidagi pullar turli yo‘llar bilan o‘marilgan. Bunday holatlar ko‘payib ketgani ortidan bu borada davlat tomonidan qo‘shimcha choralar belgilandi.

Shu hafta imzolangan prezident qaroriga asosan, banklar va to‘lov tizimlarining mobil ilovalarida yangi ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarning pul o‘tkazish imkoniyati 1 soatgacha cheklanishi mumkin. Boshqacha aytganda, agar firibgar maxfiy kodni qo‘lga kiritib, birovning kartasini qaysidir ilovaga ulashga muvaffaq bo‘lsa, u 1 soatgacha vaqt ichida kartadagi pullarni boshqa kartaga o‘tkaza olmaydi. Bu vaqtda karta egasiga uning profiliga kirilgani haqida darhol SMS-xabar yuboriladi.

Shu bilan birga, ketma-ket uchta yoki undan ortiq pul o‘tkazmalari amalga oshirilganida, banklar buni avtomatik tartibda nazoratga olishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, jismoniy shaxslar o‘rtasida katta miqdordagi pul o‘tkazmalarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha identifikatsiyadan o‘tish talabi qo‘yilishi mumkin. Ya’ni kimgadir muayyan miqdordan oshgan summada pul o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, SMS'dagi kodni kiritishdan tashqari, Face-ID yoki boshqa qo‘shimcha identifikatsiya vositasidan o‘tish talab etilishi mumkin.

Qarorga asosan, Markaziy bank tijorat banklarida firibgarlikka qarshi tizimlar joriy etilishi ustidan nazoratni kuchaytiradi. SIM-karta, mobil qurilmaning IMEI-kodi va internet tarmog‘i (rouming) orqali identifikatsiya imkoniyatlari ham tatbiq etilishi kutilyapti. Markaziy bankka shubhali operatsiyalar vaqtida bank kartalari va hisobvaraqlarni bloklash vakolati berildi.

Yuqoridagi choralar bilan birga, bank kartalarini ulash mumkin bo‘lgan ilovalarning egalariga nisbatan talablar ham kuchaytiriladi. 2024 yil 1 iyuldan boshlab, Uzcard va Humo kabi to‘lov tizimi operatorlari hamda Payme, Click kabi to‘lov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi. Ularning ustav kapitali mos ravishda 50 mlrd va 20 mlrd so‘mdan kam bo‘lmasligi bo‘yicha talab kiritiladi. Hujjat bilan, Humo to‘lov tizimidagi davlat ulushi Markaziy bankdan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi balansiga o‘tkazildi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev Dubayda boshlangan global iqlim sammitida ishtirok etdi. U o‘z nutqida Katta yigirmatalik davlatlariga murojaat qilib, yashil energetikaga o‘tishda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini inobatga olishga chaqirdi. Tashrif davomida prezident xorijlik siyosatchilar bilan uchrashuvlar ham o‘tkazdi. Tashqi siyosatda, shuningdek, O‘zbekiston BMTning 28 noyabr kuni qabul qilingan rezolyutsiyasini yoqlab ovoz berdi. Rezolyutsiyada Isroildan bosib olingan Jo‘lan tepaliklarini bo‘shatish va 1967 yilgi chegaralarga qaytish talab qilingan.

Sirdaryoda qurilayotgan yirik issiqlik elektr stansiyasining 1-bloki ishga tushirildi. Ma’lum qilinishicha, Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi qurayotgan 1500 megavattli stansiya 2024 yil 1-choragida to‘liq ishga tushiriladi va 3 milliondan ortiq xonadonning elektr energiyasi iste’molini qoplashga yetadigan darajada energiya ishlab chiqara boshlaydi. Ayni paytda, ACWA Power bilan birgalikda Chirchiqda ilk marta yashil vodorod ishlab chiqarish va undan o‘g‘it olish loyihasini amalga oshirishga start berildi.

Toshkent markazidagi Iqtisodiyot universiteti va Moliya instituti shahar chekkarog‘iga – Sergeli tumaniga ko‘chirilishi mumkin. Shahar hokimligi matbuot xizmati bu masala ko‘rib chiqilayotgani, tegishli hujjat loyihasi ham ishlab chiqilganini tasdiqladi. Bu tashabbus muallifi kimligi va oliygohlarning bo‘shagan binolari o‘rnida nima paydo bo‘lishi ma’lum emas.

“Humo” arenasidagi tartibsizlikdan keyin Toshkentda jinoyat olamiga qarshi tadbirlar boshlandi. 25 noyabr kuni Jah Khalib'ning konsertiga kirishda qalbaki chiptalar sabab katta tiqilinch yuzaga kelgan, ayrim shaxslar bu jarayonda Milliy gvardiya xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan edi. Rasmiylar bu voqeada pichoqbozlik va o‘lim ro‘y berganini rad etdi, biroq bir qator reydlar o‘tkazilib, jinoyat olamining o‘nlab vakillari hibsga olindi. Bu voqealar fonida Milliy gvardiyaning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i ham o‘zgardi.

Bloger Olimjon Haydarov naq 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 1 dekabr kuni Farg‘ona tuman sudi uni tuhmat, haqorat va tovlamachilik moddalari bilan aybdor deb topdi. Hukmga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi Olimjon Haydarovning ijtimoiy tarmoqlardagi barcha kanal, sahifa va guruhlari o‘chirilishi yoki bloklanishini ta’minlashi kerak. Blogerning o‘zi ayblovlarni to‘liq rad etmoqda. Uning yaqinlari hukm ustidan apellyatsiya shikoyati berilishini aytgan.

UzAuto Motors ommabop modellar uchun shartnoma berishning to‘liq onlayn shakliga o‘tishini e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, shartnoma berish ochilgan vaqtda ilovaning qotib qolmasdan ishlashini ta’minlash uchun texnik ishlar olib borilyapti. Aftidan, kompaniya shu orqali har safar kontraktatsiya ochilganida avtosalonlarda ro‘y berayotgan ajiotajlarga barham bermoqchi. Ayni paytda, Cobalt'ning narxi 3 foizga oshgani aytilmoqda. Shu tariqa, eng ommabop model oxirgi 1 yilda 19 foizga qimmatlashdi. Kompaniya xabariga ko‘ra, Cobalt va Damas uchun shartnoma dekabr oyining ikkinchi yarmida ochiladi.

Mavzuga oid