Yermakning so‘zlariga ko‘ra, Amerika qo‘llab-quvvatlovi davom etmasa, Ukraina urushda mag‘lub bo‘lishi «xavfi katta».

«Biz shu pozitsiyalarni saqlab qolishimiz va shunchaki omon qolishimiz ham qiyin bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qilgan u seshanba kuni Vashingtondagi AQSh Tinchlik institutida qilgan chiqishida.

Yermakning vaziyatni boricha baholovchi ma’lumotlari prezident Zelenskiy amerikalik senatorlar bilan rejalashtirilgan videokonferensiyadan bosh tortishidan bir necha soat oldin yangradi, prezident bu chiqishida harbiy harakatlar borishi to‘g‘risida xabardor qilishni ko‘zlagandi.

Senatda ko‘pchilikni tashkil qiluvchi demokratlar yetakchisi Chak Shumer tafsilotlarni keltirmasdan bergan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi lahzalarda ukrainlar yetakchisining kechiktirib bo‘lmaydigan ishi chiqib qolgan.

Yermakning bayonoti Oq uy yana bir bor Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam ajratilishiga urinayotgan mahalda yangramoqda.

Ayni vaqtda Ukraina prezidenti ofisi rahbari Yermak, Oliy Rada raisi Ruslan Stefanchuk, Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov kabi nomlardan iborat katta delegatsiya Amerikada bo‘lib turibdi. Foto: Brendan Smialowski/AFP via Getty Images

Shu bilan birga, Kongress hamon kelgusida ham Kiyevni moliyalashtirish imkonini beradigan murosaga yaqinlashgani yo‘q. BBC’ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri Entoni Zurker Kongressdagi vaziyatni tahlil qildi.

Moliyalashtirishdagi boshi berk ko‘cha

«Bizda pul tugab qoldi va amalda vaqtimiz ham tugayapti», — deya yozgan dushanba kuni Oq uy ma’muriy-budjet boshqarmasi direktori Shalanda Yang demokratlar va respublikachilar yetakchilariga murojaatida.

U agar Kongress yil oxirigacha Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordamni ma’qullay olmasa, bu mazkur mamlakatning Rossiyaga qarshi kurashish harakatlariga putur yetkazishi va qo‘shimcha mablag‘ jalb etilishi mumkin bo‘lgan «sehrli tuvakcha» qolmasligi haqida ogohlantirgan.

Ammo dushanba kuni Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson demokratlarning Ukrainaga o‘nlab milliard dollar miqdoridagi qo‘shimcha yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi chaqiriqlarini rad etdi.

«Bayden ma’muriyati Ukrainada aniq strategiya yo‘qligi borasidagi, mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish yoki amerikalik soliq to‘lovchilar tomonidan taqdim etilgan yordam uchun javobgarlikni adekvat ta’minlash bo‘yicha bizni tashvishlantirayotgan savollardan birortasiga javob bera olmadi», — deya yozgan u feysbukda.