“Hazillashmayotgan” Prilepin

Rossiya armiyasi oxirgi paytlarda Ukraina frontida tashabbusni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘layotgani rus siyosatchilari va propagandachilariga ko‘tarinki ruhiyat baxsh etyapti. Ular o‘zlaridagi ana shu ko‘tarinki kayfiyatni iqtisodiy muammolar girdobida qolgan oddiy rossiyaliklarga ham ko‘chirish, inson huquqlari va boshqa sohalardagi ahvoldan ularni chalg‘itishga zo‘r beryapti. Bugun Rossiyada jamiki muammolarga migrantlarni aybdor qilib ko‘rsatish va SSSRni tiklash haqida borgan sari ko‘proq, borgan sari balandroq ovozda gapirilyapti.

Shunday bayonotlardan navbatdagisi “Spravedlivaya Rossiya” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning tilidan yangradi. U Moskvadagi matbuot anjumanida fuqarolari Rossiyaga borib ishlayotgan davlatlarni Rossiya tarkibiga qo‘shib olib, migrantlarga o‘sha yerning o‘zida rus tilini o‘rgatish kerakligini aytgan va misol sifatida O‘zbekistonni tilga olgan. “Men jiddiy gapiryapman, hazillashayotganim yo‘q”, degan Prilepin. Uning bu so‘zlarini zalda o‘tirganlar qarsaklar bilan kutib olgan.

Siyosatchi so‘zida davom etib, SSSR parchalanganini inkor qilish mavzusini bundan keyin ham ko‘tarishda davom etishga va’da bergan. Uning: “Kiyevdagi paraddan keyin Yevroosiyo hududida biror narsa qilishni bizga kim taqiqlaydi? Hech kim”, degan gaplarini tadbir ishtirokchilari yana olqishlar bilan qarshi olgan.

Uning bu gaplaridan keyin, Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Oleg Malginovni taklif qilib, bunaqa bayonotlar ikki davlat munosabatlariga salbiy ta’sir qilishini bildirdi. Holatga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ham izoh berib, O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari suverenitetni hurmat qilish asosiga qurilgani, Zaxar Prilepinning gaplari uning shaxsiy fikri ekanini aytdi. Shu bilan birga, Rossiya tomoni Prilepinning bayonotini umuman qoralamagani e’tiborga molik.