O‘zbekiston | 18:29 / 21.12.2023
18284
3 daqiqa o‘qiladi

Sug‘urta kompaniyasi bilan 145 mlrd so‘mni o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan bojxona xodimi hibsga olindi - Bojxona qo‘mitasi

Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bergan ma’lumotga ko‘ra, jinoiy guruhning 1-2 nafar a’zosi chet elga qochib ketgan. Ularga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Bugungi kunda davlat manfaatlariga yetkazilmoqchi bo‘lgan 145 mlrd so‘m zarardan 84 mlrd so‘mi undirilgan.

Foto: Kun.uz

Davlat bojxona qo‘mitasining xodimi jinoiy guruh bilan til biriktirib, davlat budjetiga tushishi kerak bo‘lgan katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirishga uringanda qo‘lga olingan. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Muxtorov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

Ilhom Muxtorovning ta’kidlashicha, pullarni o‘zlashtirishda ishtirok etgan shaxs Bojxona qo‘mitasining To‘lovlar boshqarmasi xodimi bo‘lgan.

“Bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lash yo‘nalishida bir amaliyot bor. Bunda sug‘urta kompaniyalaridan taqdim qilingan sug‘urta polisi asosida ma’lum muddatga bojxona to‘lovlarini kechiktirish uchun ruxsat beriladi. Mana shu jarayonda bojxona xodimi sug‘urta kompaniyasi bilan jinoiy til biriktirib, noqonuniy ravishda sug‘urta kompaniyasi manfaatini ko‘zlagan. Joylardan bu holat yuzasidan ma’lumot olingach, qo‘mita rahbariyati tekshiruv tayinladi. Aniqlanishicha, jinoiy guruh 145 mlrd so‘mga yaqin sug‘urtalash orqali tushumlarni o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan. Albatta, bunda xodimning ham aralashuvi bor. U xodimni 2-3 oy davomida kuzatdik. Hozirda uning harakatlarida jinoyat elementlari bo‘lgani uchun hibsga olingan.

Besh qo‘l barobar emas ekan. Afsuski, shunday holatlar ham uchrab turibdi. Xodim jinoiy guruhlarga aralashgan. Bugungi kunda davlat manfaatlariga yetkazilmoqchi bo‘lgan 145 mlrd so‘m zarardan 84 mlrd so‘mi undirildi. Jinoiy guruhning 1-2 nafar a’zosi chet elga qochib ketgan. Ularga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Holatga aralashgan har bir shaxs javob beradi”, — dedi qo‘mita rasmiysi.

Muxtorovning qo‘shimcha qilishicha, jinoyatda gumonlanayotgan xodim 23 noyabr kuni ishdan bo‘shatilgan va bugungi kunda hibsga olingan.

Ma’lumot uchun, oldinroq korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlari doirasida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzayev, Soliq qo‘mitasi va Toshkent shahar soliq boshqarmasi mansabdorlari, Markaziy bankning Buxoro viloyati bo‘yicha boshlig‘i Erkin MansurovBuxoro tumanining sobiq hokimi Xayrullo Jo‘rayev qamoqqa olingandi.

Mavzuga oid