UzAuto Motors kompaniyasi 22 dekabr kuni Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun 12:00 dan boshlab onlayn kontraksiyalar ochilishini e’lon qilgandi.
Kompaniya avtomobil xarid qilish uchun shartnomani faqat onlayn tarzda rasmiylashtirish mumkinligini, barcha Chevrolet dilerlik markazlari savdo tizimidan o‘chirilishi va avtosalonlarning barchasi yopiq bo‘lishini yana bir bor yozg‘irib-yozg‘irib takrorladi.
Minglab odamlar kutgan soat 12:00 ham keldi. Ammo onlayn shartnoma olish mumkin bo‘lgan UzAutoSavdo ilovasi va savdo.uzavtosanoat.uz sayti ishlamadi. Bu vaqtda esa tarmoqlarda shartnoma olish ilinjidagi xaridorlar nimaki bo‘lsa, hammasini qilib ko‘rdi. Ammo UzAutoSavdo platformasi faoliyatidagi texnik nosozliklar hamon tuzatilgani yo‘q.
Kun.uz holatga izoh olish uchun “O‘zavtosanoat" matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum bo‘lishicha, hozirgacha birorta ham shartnoma rasmiylashtirilmagan va yaqin vaqt ichida shartnoma berish qayta ochiladi.
Qiziq jihati, dekabr oyi boshida kompaniya Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda UzAutoSavdo tizimi modernizatsiya qilinayotgani, tizimning texnik jihozlanishini kuchaytirish bo‘yicha samarali ishlar olib borilayotgani, bu esa uning yuqori tezlikda to‘g‘ri ishlashini ta’minlashini bot-bot takrorlab e’lon bergandi. Shunda, shuncha qilingan “ishlar” tizimning 10 daqiqa ishlashi uchun ham samara bermagan bo‘ladimi?
32 soat 27 daqiqa
Keling, hisob-kitob qilib ko‘ramiz. UzAuto Motors yil boshidan beri qancha payt xaridorlarga shartnoma berdi?
Cobalt va Lacetti sotuvi 2022 yil 8 dekabrdan, Damas va Labo sotuvi esa 13 dekabrdan boshlab to‘xtatilgan edi. Kompaniya ommabop modellari sotuvini 8 oylik tanaffusdan keyin, shu yilning 4 avgust kuni qayta tikladi















