Yunusoboddagi bir nechta mahalla suv ostida qoldi: voqeaga svet o‘chishi sababmi? Jizzaxdagi BYD zavodi direktori arzon narxlarni va’da qildi: bu va’daga ishonsa bo‘ladimi? Raqobat qo‘mitasidan dadil qadamlar: “Lukoyl” javobgarlikka tortiladimi? Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Yakunlanayotgan hafta Toshkentning Yunusobod tumanida yashovchi bir qancha aholi uchun rosa esda qolarli bo‘ldi. 3 iyulga o‘tar kechasi 6- va 7-mavzelar o‘rtasidagi chorrahada magistral suv quvuri yorilib, ikkala mavzedagi ko‘pqavatli uylarning hovlisini tizza bo‘yi suv bosdi.

Bunaqasi Toshkent tarixida avval kuzatilmagan bo‘lsa kerak. Suvning balandligidan, ko‘pqavatli uylar hovlisi sholipoyaga o‘xshab qoldi. Tong otib kunlar isigach, xuddi akvaparkdagi basseynga tushgandek suvga sho‘ng‘igan bolalar ham topildi. Qizaloqlardan biri esa cho‘milish uchun uyidan ballon ko‘tarib chiqdi.

Bolalarga bunaqa unutilmas sarguzashtni kim sovg‘a qilgani aniq emas. Suvchilarning aytishicha, voqeaga shu atrofdagi qozonxonada svet o‘chgani sabab bo‘lgan. “Toshkent shahar suv ta’minoti” korxonasining bayonotiga ko‘ra, elektr uzilish oqibatida quvurlarda bosim ko‘tarilib ketib, 800 va 1200 mmlik quvurlar ulangan joyda avariya chiqqan. “Agar ogohlantirib, shu paytda o‘chiramiz deganida, biz bosimni me’yorida ushlab turgan bo‘lardik, bunaqa holatlar yuzaga kelmasdi”, dedi biz suhbatda “O‘zsuvta’minot” mas’ul xodimi.

Energetika korxonalari suv ta’minoti kompaniyalarining bu bayonotlarini rad etdi. Ularning ta’kidicha, avariya bo‘lgan vaqt oralig‘ida tumandagi elektr ta’minotida hech qanaqa avariyaviy yoki rejaviy o‘chishlar sodir bo‘lmagan. Shu tariqa, texnogen toshqinning haqiqiy sabablari va ko‘rilgan moddiy zararni kim qoplashi masalasi ochiq qolyapti, negadir bular haqida hech qaysi tashkilot gapirmoqchi emasdek ko‘rinyapti.