13 fevraldan 14 fevralga ötar keçasi Rossiyaning droni Çernobil AES energiya bloki ustida qurilgan himoya qobiğiga tuşdi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xabar berdi va Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) ham tasdiqladi.

«Ukraina bu qobiqni Yevropa va dunyoning boşqa davlatlari, Amerika bilan birgalikda odamlar uçun haqiqiy xavfsizlikni istagan har bir kişi bilan birga qurdi. Bunday inşootlarga hujum qilişi, AES hududini egallaş va oqibatlarini umuman hisobga olmasdan harbiy amaliyotlar ötkazişi mumkin bölgan dunyodagi yagona davlat bu bugungi Rossiyadir», deb yozdi Zelenskiy.

Ukraina rahbari sözlariga köra, qobiq katta zarar körgan. Hozir yonğin öçirilgan va radiatsiya fonida özgarişlar qayd etilmagan.

XAEA rasmiylarining aytişiça, ular portlaş ovozini tungi soat 2 larda eşitgan. Şuningdek, ular ayni paytda AES içkarisi va taşqarisida radiatsiya darajasi normal çegaralarda qolayotganini tasdiqladi. Qurbonlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumotlar yöq. Agentlikning ta’kidlaşiça, Çernobildagi voqea va Zaporijjya AES atrofida harbiy faollikning kuçayişi «yadro xavfsizligiga tahdid davom etayotganini anglatadi».

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Zelenskiyning bayonotlarini «provokatsiya» va «firibgarlik» deb atadi. «Atom energetikasi infratuzilmasi obektlariga hujumlar haqida gap bölişi mumkin emas <...> Rossiya harbiylari buni qilmaydi», dedi u.

Vayron bölgan Çernobil AES ustidagi himoya qobiği 2019 yilda qurilgan. U 1986 yilda reaktor portlagandan keyin radiatsiya tarqalişining oldini oladi. U joriy asrning oxirigaça turişi kerak.