AQŞ prezidenti Donald Tramp ijtimoiy media kompaniyalaridan odamlarning haqiqiy yoki sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan oçiq-oydin şahvoniy tasvirlarini öçirib taşlaşni talab qiluvçi qonun loyihasini imzoladi, deb xabar berdi Bloomberg.

«Sun’iy intellekt yordamida tasvirlar yaratişning rivojlanişi bilan son-sanoqsiz ayollar dipfeyk va boşqa şahvoniy tasvirlar yordamida ta’qib qilindi. Bu juda notöğri», dedi Tramp.

«Take It Down Act» deb nomlanuvçi yangi qonunga köra, şaxsning roziligisiz şahvoniy tasvir yaratgan va tarqatganlar uç yilgaça qamoq jazosini oladi. Bundan taşqari, qonun talabiga binoan bunday tasvirlarni zudlik bilan olib taşlamagan onlayn platformalar javobgarlikka tortiladi. Ijtimoiy tarmoqlar va veb-saytlar jabrlanuvçining sörovidan keyin 48 soat içida bunday kontentni öçirib taşlaşi şart.

Hujjatni imzolaş marosimida qonun loyihasini qöllab-quvvatlagan birinçi xonim Melaniya Tramp iştirok etdi.

«Uşbu qonun ota-onalar va oilalarga öz farzandlarini onlayn ekspluatatsiyadan himoya qilişga yordam beradigan ğalabadir», dedi u.

Qonun loyihasi respublikaçilar va demokratlar tomonidan keng qöllab-quvvatlandi, bu Kongressning onlayn kontentni tartibga soliş böyiça qonunlarni ma’qullaşining kamdan-kam namunasidir.

Yirik texnologiya kompaniyalari, jumladan, Facebook va Instagram egasi Meta va Google qonun loyihasini qöllab-quvvatladi. Imzolaş marosimida X kompaniyasining boş direktori Linda Yakkarino iştirok etdi. Qonun tanqidçilari uni söz erkinligiga tahdid solişi mumkinligidan xavotir bildirdi, biroq tarafdorlar bu qonun AQŞ Konstitutsiyasi tomonidan kafolatlangan huquqlarni hurmat qiliş uçun yozilganini aytdi. Tramp «Internetda heç kim mendan ham yomonroq munosabatga uçramagan» dedi va qonunni ijro etişga va’da berdi.