2025 yilning 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 43 mlrd 969 mln dollarni tashkil etdi. Davlat qarzining 36,7 mlrd dollari – tashqi qarz, 7,2 mlrd dollari esa ichki qarz.
Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 mlrd 884 mln dollarga ko‘paygan. YaIMga nisbatan ulushi esa 32,3 foizga yetgan.
Davlat tashqi qarzining umumiy qarzdagi ulushi – 84 foiz, ichki qarz ulushi esa –16 foiz. Uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha aholi jon boshiga davlat qarzi 1154 dollarni tashkil etdi.
Jalb qilingan qarz mablag‘lari nimaga ishlatilgan?
Hisobot davri yakuniga ko‘ra, jami davlat tashqi qarzining 47 foizi (17,4 mlrd dollar) budjetni qo‘llab-quvvatlashga, 16 foizi (5,8 mlrd dollar) yoqilg‘i-energetika sohasiga, 9 foizi qishloq va suv xo‘jaligiga (3,2 mlrd dollar), 8 foizi (2,8 mlrd dollar) transport va transport infratuzilmasiga, 8 foizi uy-joy kommunal xo‘jaligiga (3 mlrd dollar) yo‘naltirilgan.
O‘zbekiston kimlardan qarz olgan?
1 oktyabr holatiga davlat tashqi qarzining asosiy qismi quyidagi tashkilotlardan jalb qilingan:
- Jahon banki — 8 mlrd dollar;
- Osiyo taraqqiyot banki — 7,5 mlrd dollar;
- Xalqaro investorlar (xalqaro yevrobondlar) — 5,8 mlrd dollar;
- Xitoy moliya tashkilotlari – 3,7 mlrd dollar;
- Yaponiya moliya tashkilotlari — 3,1 mlrd dollar;
- Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 1,7 mlrd dollar;
- Fransiya moliya tashkilotlari – 1,2 mlrd dollar;
- Islom taraqqiyot banki — 932 mln dollar;
- Koreya moliya tashkilotlari — 740 mln dollar;
- Xalqaro valuta jamg‘armasi — 638 mln dollar;
- Germaniya davlat banki — 491 mln dollar;
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — 426 mln dollar;
- Boshqa moliyaviy tashkilotlar — 2,5 mlrd dollar.
Tashqi qarzning valuta tarkibi quyidagicha: dollardagi kreditlar — 63 foiz, o‘zbek so‘midagi — 12 foiz, yevrodagi – 8 foiz, yapon iyenasidagi — 6 foiz, yuandagi — 2 foiz.







