IIB xodimlari targ‘ib qilgan XCM platformasidan pul yechish to‘xtatildi – moliyaviy piramida “g‘alvirni suvdan ko‘tardi”. Oqibatda yana o‘n minglab o‘zbekistonlik aldandi. Xalqning cho‘ntagidan o‘marilgan pullar esa millionlab dollarni tashkil qiladi. Har safargi kabi moliyaviy piramidachilar yutdi, buning oldini olish kerak bo‘lganlar esa kuzatib turdi. Odamlarning oxirgi puligacha shilishni maqsad qilgan XCM esa yana yolg‘on ishlatmoqda.

Kun.uz ogohlantirgan XCM moliyaviy piramidasi odamlarni chuv tushirib ketdi: kutilgani kabi platformadan pul yechish bloklandi.

XCM qancha o‘mardi?

Huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi Kun.uz manbasiga ko‘ra, X Connection Media nomi ostidagi moliyaviy piramidaning O‘zbekiston bo‘ylab 300 ga yaqin ofisi ro‘yxatga olingan. Har bir ofis orqali kuniga kamida 10 kishi ushbu kompaniyaga a’zo bo‘lgan.

XCM faoliyati ham boshqa moliyaviy piramidalar kabi depozit qo‘yishga asoslangan edi. Buning uchun 7 ta daraja bosqichi ishlab chiqilgan. Masalan, X-C2 darajadan boshlash uchun 460 dollar to‘lash kerak bo‘lardi.

Oddiy hisob-kitob: 300 ga yaqin ofis orqali har kuni 3 ming kishi eng past daraja bo‘yicha 460 dollardan depozit qo‘yib, XCM’ga qo‘shilgan bo‘lsa, bu kuniga taxminan 140 ming dollar degani. XCM O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon faoliyat yuritgan. Dekabr oyi boshiga kelib esa u yopildi. Platforma 10 oy faol ishlagani va unga 40 ming dollarlab pul tikib, aldanib qolganlar ham borligi hisobga olinsa, ushbu moliyaviy piramida orqali o‘zbekistonliklardan qancha pul o‘marilganini chamalab ko‘rish qiyin emas. Ha, bu summa millionlab dollarni tashkil qiladi.

68,8 dollardan to‘lang”

Sayti Kanada davlatida Singapur uyali aloqa raqami orqali ro‘yxatga olingan XCM platformasi navbatdagi yolg‘on orqali unga a’zo bo‘lganlarni oxirgi tiyinigacha shilib olmoqda. Gap shundaki, platformada pul yechish bloklab qo‘yilgach, uni ochish uchun 68,8 dollardan to‘lash talab etilyapti. Ushbu mablag‘ni to‘laganlarning balans va qo‘ygan depoziti esa nolga tushib qolmoqda.

XCM’ga aloqador barcha guruh va chatlar yopib qo‘yildi. Kompaniya menejerlari pulini so‘raganlarga faqat bir xil mazmunda xabar yozmoqda. Ya’ni platforma yaqin kunlarda O‘zbekiston banklariga ulanishi va a’zo bo‘lganlarga to‘lovlar kriptovaluta emas, so‘mda to‘lanishini aytishmoqda. Ayrim hollarda esa pul yechishni ochish uchun 68,8 dollar talab qilishyapti. Buni to‘lab ko‘rganlar ham bo‘ldi. Ammo shu zahoti balans va depozitlari nol bo‘lib qolganini aytishdi