Bir necha o‘n yillardan beri Tayvan bo‘g‘ozi Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi potensial keskinlik nuqtasi bo‘lib keladi. G‘arbiy Tinch okeanining boshqa hech bir joyida Pekin va Vashington manfaatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashmaydi. Nima uchun ikki mamlakat raqobatida mazkur orol muhim geostrategik ahamiyat kasb etadi?
Amerika tomoni rasman «yagona Xitoy» siyosatiga amal qiladi va faqat Pekinni tan oladi. Tayvan bilan emas, aynan kommunistik Xitoy bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Shu bilan birga, Tayvan bilan ittifoqchilik munosabatlarini ham saqlab keladi. Xitoy esa Tayvanni mamlakat tarkibiga kiruvchi «isyonkor provinsiya» deb biladi. AQShning Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashi haqidagi har qanday bayonotini Xitoy tomoni «qizil chiziq»ni kesib o‘tish sifatida baholaydi.
Yil yakuniga kelib ushbu hududda vaziyat yana keskinlasha boshladi. Dastlab AQSh ma’muriyati Tayvanga 11 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ paketi sotilishini ma’qullagani haqida xabarlar chiqdi. Pekin bu qarorni keskin tanqid qildi va AQShning mudofaaga aloqador 20 ta kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritdi. 29 dekabrdan esa Tayvan bo‘g‘ozi atrofida Just Mission 2025 nomli keng ko‘lamli harbiy mashqlarni boshlab yubordi. Xitoy tomoni bu chora o‘z suverenitetini himoya qilishga qaratilganini bildiryapti. Nima uchun Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi raqobatda Tayvan muhim geostrategik ahamiyat kasb etadi?
Birinchidan, geoiqtisodiy tomondan Tayvan Xitoy taraqqiyoti uchun mislsiz darajada muhim. Zamonaviy Pekin dengizlarga qaram bo‘lgan quruqlik davlatidir. Xitoy oziq-ovqat, xomashyo va energiya resurslarining juda katta qismini import qiladi, shuningdek, tayyor mahsulotlarini bozorga chiqarishi kerak. Bularning barchasi dengiz yo‘llari orqali amalga oshiriladi.
1980 yillardan boshlab Den Syaopinning iqtisodiy islohotlari davrida Xitoyning iqtisodiy markazlari mamlakat ichki qismidan qirg‘oqqa ko‘chdi. Maxsus iqtisodiy zonalarning ko‘pchiligi qirg‘oq hududlarda tashkil etildi va iqtisodiy rivojlanish mamlakatning qirg‘oq shaharlarida to‘plandi.














