AQŞ prezidenti Donald Tramp duşanba kuni Florida ştatidagi Mara-Lago qarorgohida Isroil boş vaziri Binyamin Netanyahuni qabul qildi. Reutersʼning yozişiça, uçraşuvda Eron yadroviy qurol dasturlari va Hamasning qurolsizlanişi asosiy mavzu bölgan.

Uçraşuvdan söng Netanyahu bilan yonma-yon turib çiqiş qilgan Tramp Tehron öz qurol dasturlarini tiklaş ustida işlayotgan bölişi mumkinligini bildirdi.

«Men ular qurol va boşqa narsalarni yiğayotgani haqida öqiyapman. Agar şunday bölsa, ular biz yer bilan yakson qilgan obektlardan foydalanmayapti, balki boşqa joylardan foydalanayotgan bölişi mumkin. Biz ular qayerga borayotganini, nima qilayotganini aniq bilamiz. Umid qilamanki, ular buni qilmayapti, çunki biz B-2 samolyotida yoqilğini bekorga sarflaşni xohlamaymiz. Bu samolyotlarning borib-kelişi 37 soatlik parvoz» – dedi Tramp. U joriy yil yozda Eron yadro obektlariga zarba bergan AQŞning yirik qiruvçilari B-2'larni nazarda tutayotgan edi.

Şuningdek, Tramp Netanyahu bilan muzokaralari Isroilning Eron va Livandagi «Hizbulloh» borasidagi xavotirlarini muhokama qilişga qaratilganini aytdi.

Foto: Reuters

Netanyahuning özi ötgan hafta Isroil Eron bilan qarama-qarşilik izlamayotganini, biroq bu xabarlar haqida xabardor ekanini bildirgandi.

Isroil iyun oyida Eron 12 kunlik uruş olib bordi. Uruşga AQŞ ham bevosita qöşildi. Keyinroq, uruş AQŞ vositaçiligida yakunlandi. Naşrga köra, Eron dekabr oyining özida ikkinçi bor raketa maşqlarini ötkazganini ma’lum qilgan.

Ğazoda sulhning ikkinçi bosqiçi haqida

Donald Tramp Ğazodagi ikki yillik uruşdan keyin oktabr oyida Isroil va Hamas örtasida erişilgan sulhning ikkinçi bosqiçiga ötişni istamoqda. Bu bosqiç Falastin hududiga xalqaro tinçlikparvar kuçlarni joylaştirişni nazarda tutadi.

Lekin, Isroil va Hamas kelişuvning jiddiy buzilişlarida bir-birini ayblamoqda. Sulhdan keyin ham Isroilning töxtamagan hujumlari yuzlab falastinliklarni öldirdi. Tomonlar keyingi bosqiçdagi ança murakkab çoralarni qabul qilişga yaqinlaşgani yöq.