Ichki ishlar vazirligi tizimida tozalashlar bugun ham davom etdi. Tuman hokimi ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish departamentiga rahbar bo‘ldi. Endi sim-kartalarda puli qolmaganda ham raqamlar 1 yilgacha o‘chib ketmaydigan bo‘ladi. Davlat xizmatlari markazlari minglab fuqarolarga qalbaki haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib bergani ma’lum bo‘ldi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
IIVda rokirovkalar
Vazirning birinchi o‘rinbosari — Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i Ayubxon Rahmatullayev lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini shu kunga qadar favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘lgan Botir Qudratxo‘jayev egalladi.
Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i Davron Nazarmuhamedov ham lavozimidan olinib, uning o‘rniga Prezident administratsiyasida ishlab kelgan Diyorbek Sattorov tayinlandi.
Amalda Milliy gvardiyani boshqarib kelgan Rustam Jo‘rayev ham IIV rahbariga o‘rinbosar bo‘ldi. U ayni paytda vazirlikning Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i ham hisoblanadi.
Bu lavozim o‘tgan yil dekabrida Bekmurod Abdullayev ishdan olinganidan buyon bo‘sh turgandi. Ma’lumot uchun Bekmurod Abdullayev 180 mlrd so‘mdan oshiq davlat mablag‘ini talon-toroj qilganlikda ayblanib qamoqqa olingan.
Shuningdek, ichki ishlar vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Rustam Mirzayev tayinlandi. U bunga qadar Prezident administratsiyasida ishlagan.
Yana bir muhim yangilik tuman hokimining qamoqxonalarni nazorat qiladigan tashkilotga boshliq etib tayinlanishi bilan bog‘liq. Toshkent shahri, Olmazor tumani hokimi Azizxon Umarxonov prezident farmoyishi bilan Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i etib tayinlandi. Umarxonov 2000 yilda IIV akademiyasini tamomlagan va shundan keyin uzoq yillar tizimda faoliyat yuritgan. 2020 yilda IIV Jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan. 2021 yil avgust oyida Toshkent shahar Olmazor tumani hokimi sifatida ish boshlagan edi.








