Vazir so‘zlariga ko‘ra, xonandalarning barchasi hozir soliq to‘layapti, ammo ba’zilari bilimsizligi tufayli hatto soliq to‘layotganini bilmayapti.
«Birinchidan bu hali loyiha, tasdiqlangani yo‘q. Va bu o‘rtaga chiqqanida juda ko‘p san’atkorlar yuzini ko‘rsatib qo‘ydi. Savodsizligini, soliq haqida hech qanaqa bilimga ega emasligini ko‘rsatdi. San’atkorlar soliq to‘layapti. To‘lamayapti degan gap chiqib qoldi o‘rtaga, hatto «to‘lamaymiz» deganlar chiqib qoldi. O‘zi aslida to‘layapti, lekin o‘zini to‘layotganini bilmaydi. Hamma joydan to‘layapti, to‘ydan ham, kotsertdan ham. Faqat ko‘tarilayotgan masala – mana shu soliq soliq turi sog‘lommi yoki yo‘qmi. Hozirgi mavjud soliq turi sog‘lom emas. Shuning uchun soliq idorasi buni muhokamaga qo‘yyapti, buni sog‘lom yechimini topaylik degan ma’noda. Shuning uchun bu yerda soliq to‘laymizmi yoki to‘lamaymizmi, degan masala muhokama bo‘lmasligi kerak. Hamma to‘laydi, soliq to‘lamaydigan odam yo‘q. «Soliq to‘lamayman» deyishga or qilish kerak. Bugun soliqlar orqasidan tinch uxlayapsiz, bolalaringiz maktabga boryapti, xotirjam biznes qilyapsiz»,
O‘zbekistonda konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni soliqqa tortish bo‘yicha yangi tartib nazarda tutilgan prezident qarori loyihasi Adliya vazirligi tomonidan mart oyi oxirida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Unda belgilanishicha, 2026 yil 1 sentabrdan boshlab ijrochilar bilan bog‘liq barcha xizmatlar “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatga olinadi. Ijrochilar 2026 yil 1 sentabrdan 2029 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini “bir xizmat – bir to‘lov” tamoyili asosida, qat’iy belgilangan miqdorda to‘laydi. Uning miqdori ijrochilar reytingidan kelib chiqadi va BHM 0,25 barvaridan (103 ming so‘m) 3 baravarigacha (hozir 1 mln 236 ming so‘m) bo‘lishi mumkin. Bu qoidalarga amal qilmaslik kamida 20 baravar BHM (hozir 8 mln 240 ming so‘m) miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.
Qaror loyihasi ba’zi san’atkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova hatto «O‘zlaring ashula aytinglar», deyishgacha bordi.















