1 iyuldan pensiya, nafaqa va moddiy yordam to‘lovi, 1 sentabrdan oylik-maoshlar oshiriladi. O‘zbekiston futbol milliy jamoasi jahon chempionatida Portugaliyaga yirik hisobda yutqazdi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘zaro kelishuvga ko‘ra hududlarni almashdi. Soliq qo‘mitasi bank siriga keng miqyosda kirish imkoniyatini olmoqchi. Xavfli deb topilgan yonilg‘i shoxobchalari xavfsiz hududlarga ko‘chiriladi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
1 iyuldan pensiya va nafaqalar, 1 sentabrdan oylik-maoshlar oshadi
Prezident farmoniga ko‘ra, 1 iyuldan pensiya va nafaqa hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila bolalari nafaqasi va moddiy yordam to‘lovi miqdori 7 foizga oshiriladi.
Bunda yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori oyiga 1 mln 83 ming so‘m bo‘ladi.
1 sentabrdan budjet tashkilotlarida ish haqi, shuningdek, stipendiya miqdori ham 7 foizga oshiriladi. Jumladan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘m etib belgilandi.
Milliy jamoa jahon chempionatida Portugaliyaga yirik hisobda yutqazdi
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro shogirdlari JCh-2026 guruh bosqichining 2-turida Yevropaning nomdor vakiliga jiddiy qarshilik ko‘rsata olmadi va 0:5 hisobida yutqazdi. Krishtianu Ronaldu o‘yinda ikkita gol urdi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zbekistonliklar guruhdan chiqish imkoniyatini yo‘qotmadi.
O‘yindan keyin Fabio Kannavaro ushbu jahon chempionati futbolchilar uchun tajriba bo‘lishini aytdi. Hujumchi Eldor Shomurodov mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘radi va yakuniy o‘yinda g‘alaba uchun harakat qilishga va’da berdi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘zaro kelishuvga ko‘ra hududlarni almashdi








