Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi davomida yangi «Urganch – Xiva» pulli avtomobil yo‘li bilan tanishdi. Adliya vazirligi quruvchi uyni xaridorga muddatli to‘lovga sotishi mumkinligini tushuntirdi. Bosh prokuratura Toshkentda noqonuniy qurilishlarga qarshi maxsus botni ishga tushirdi. O‘zbekistonda xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmasligi belgilandi. Hayvonot bog‘ida sher va jayralarga tosh otgan erkak jazolandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
O‘zbekistonda ilk pulli yo‘l qurildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Xorazm viloyatiga tashrifi davomida yangi «Urganch – Xiva» pulli avtomobil yo‘li bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, Urganch aeroporti va Xiva shahri o‘rtasidagi yangi avtomobil yo‘li aholi va sayyohlar uchun xavfsiz, tezkor va qulay harakatlanish imkoniyatini yaratishga qaratilgan. Loyiha doirasida 35 kilometr avtomobil yo‘li, yerosti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.
Mavjud yo‘l orqali Urganchdan Xivaga yetib borishga 45-50 daqiqa vaqt sarflansa, yangi to‘rt tasmali magistralda bu vaqt 15-17 daqiqagacha qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 30 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega. Transport oqimi va to‘lovlarni boshqarish sun’iy intellektga asoslangan raqamli tizimlar orqali amalga oshiriladi. Yengil va yuk avtomobillari, shuningdek, avtobuslardan to‘lov transport vositasini to‘xtatmagan holda elektron shaklda undiriladi. To‘lov qiymati hozircha e’lon qilinmadi.
Quruvchi uyni xaridorga muddatli to‘lovga sotishi mumkin - Adliya vazirligi
2027-yil 1-yanvardan boshlab aholiga tovar va xizmatlarni bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish tizimida yangi qoidalar kuchga kiradi. Shu haqdagi prezident qarorida ko‘chmas mulk muddatli to‘lov xizmati ob’yekti bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan edi.
Adliya vazirligining tushuntirish berishicha, bu qoida muddatli to‘lov operatorlariga taalluqli. Ya’ni vositachi-operator uyni «rassrochka»ga olib berolmaydi. Ammo bu quruvchi o‘zi qurgan uyni xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotolmaydi degani emas. Qaror quruvchi va xaridor o‘rtasidagi bevosita savdoni taqiqlamaydi.
Qaror kuchga kirgach, operatorlar maxsus reyestrga kiritiladi, Markaziy bank nazoratida ishlaydi, ularning shartnomalari, ustama va komissiyalariga aniq talablar belgilanadi.
Toshkentda noqonuniy qurilishlarga qarshi maxsus bot ochildi
Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahrining me’moriy qiyofasini saqlash, shaharsozlik normalariga rioya etilishini ta’minlash va noqonuniy qurilishlarga chek qo‘yish maqsadida «Noqonuniy qurilish» maxsus Telegram-boti ishga tushirildi.
Ma’lum qilinishicha, @noqonuniy_qurilish_bot orqali fuqarolar poytaxt hududidagi noqonuniy qurilishlar haqida tezkor ma’lumot yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xususan, ko‘p qavatli uylar atrofida, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, yashil hududlar yoki boshqa jamoat joylarida noqonuniy qurilish ob’yektlariga guvoh bo‘lgan fuqarolardan maxsus bot orqali xabar berish so‘ralgan. Bosh prokuratura poytaxt aholisini o‘z uyi va mahallasidagi holatlarga befarq bo‘lmaslikka hamda noqonuniy qurilishlarni aniqlash bo‘yicha jamoatchilik nazoratida faol ishtirok etishga chaqirdi.
O‘zbekistonda xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmasligi belgilandi
O‘zbekistonda xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tashabbus bilan chiqish taqiqlanmoqda. Prezident tomonidan 17-avgust kuni imzolangan qonunga binoan, bir nechta qonunlarga quyidagicha qo‘shimcha kiritildi:
«Xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, ob’yektlarning qiymatini baholash hamda baholashga oid hisobotning ishonchliligini ekspertizadan o‘tkazish natijalarini qayta ko‘rib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish deb baholanadi hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi».
Mazkur qoida «Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi hamda «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlarga ham kiritildi. Qonun rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach – 2026-yil 18-noyabrdan kuchga kiradi.
Hayvonot bog‘ida sher va jayralarga tosh otgan erkak jazolandi
Toshkent hayvonot bog‘ida sher va jayralarga tosh otgan erkak 2,8 mln so‘m jarimaga tortildi.
Hodisa 13-avgust kuni sodir bo‘lgan. Farzandlari bilan hayvonot bog‘iga borgan erkak sher va jayralarga tosh otgan. Uning xatti-harakatini farzandi ham takrorlagan.
Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan ushbu fuqaro topildi va ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Qoidabuzar shaxs o‘z qilmishi uchun uzr so‘radi.








